«Kimdir mag‘lubiyat, kimdir esa g‘alaba orqali muvaffaqiyatga erishadi», — Muhammadkarim To‘xtaboyev IT-sohasida ish boshlagani haqida
Biz Muhammadkarim To‘xtaboyev bilan tanishdik. U o‘z tajribasi va IT-sohasida ishga joylashish bo‘yicha uchta maslahat bilan o‘rtoqlashdi.
Muhammadkarim Toʻxtaboyev, Toshkent shahri, Lead of Microsoft Community in Uzbekistan, Microsoft MVP, Senior/Lead Software Engineer, @mukhammadkarim_tukhtaboyev
O‘zim haqimda
Men katta/yetakchi dasturchi-muhandis, Oʻzbekistonda 2023-yil uchun Microsoft MVP mukofoti sovrindori, Oʻzbekistondagi Microsoft dasturchilar hamjamiyatining rahbariman. 2022-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini bakalavriat bosqichini tamomlaganman.
Dasturlash bilan 2013-yilda Salohiddin amakim va uning o‘g‘li Nuriddin tufayli shug‘ullana boshlaganman. Ular ham men kabi dasturichi-muhandis. O‘sha paytda dasturlash bo‘yicha turli tanlovlarda, maktab olimpiadalarida qatnashib, g‘olib bo‘lganman.
ITdagi birinchi ishim haqida
Faoliyatimni frilanser sifatida boshlaganman. 20 yoshimda o‘z kasbiy faoliyatimni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida .NET dasturchisi sifatida boshlaganman. U yerda o‘zbekistonlik va xorijlik muhandislar bilan birgalikda ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga yordam beradigan platforma yaratishga hissa qo‘shdim. Mening vazifalarimga tizimda yuzaga kelgan muammolarni hal qilish kirar edi. Bundan tashqari, tizimdan foydalanishni osonlashtirish uchun maxsus Telegram bot ishlab ham chiqqanman.
Ish beruvchilar mening texnik bilimimni sinab ko‘rishdi. O‘shanda bu lavozim uchun yetarli bilim va tajribam bor edi. Suhbat davomida savollarga muammosiz javob berdim. Shundan so‘ng, talaba bo‘lganim uchun menga yarim kunlik ish taklif qilishdi.
Ishga kirishda kadrlar bo‘limi vakillari bilan suhbat hamda bo‘lim direktori bilan texnik intervyu va suhbat boshqichlari o‘tkazildi.
Men odatda ish intervyulariga tayyorlanaman, lekin bu safar tayyorgarlik ko‘rishga imkon bo‘lmadi. Suhbatda mendan asosan veb-ilovalar integratsiyasi va xavfsizlik haqida so‘rashdi.
Mening oliy ma’lumotga ega ekanligim ish qidirish jarayonida yordam berdi. Ammo ish boshlaganimda shaxsiy ko‘nikma va malakam foydaliroq bo‘ldi.
Qiyinchiliklar haqida
Men uchun odatda ish topish qiyin, lekin kishilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatish qobiliyatiga egaman. Mening birinchi ishim ana shu aloqalar evaziga qo‘lga kiritilgan.
Ko‘p ish intervyularida muvaffaqiyatsizlikka uchraganman. Biroq, men bunday jarayonlarni to‘g‘ri tushunaman va qabul qilaman. Tajriba ikki xil yo‘l bilan egallanishi mumkin: kimdir mag‘lubiyat, kimdir esa g‘alaba orqali muvaffaqiyatga erishadi.
Ish intervyularidan o‘ta olmasam, undan saboq olib, bilimimdagi kamchiliklarni to‘ldiraman. Ba’zida xafa bo‘laman, ayniqsa muvaffaqiyatsizliklar ketma-ket ro‘y bersa, lekin bu befoyda ekanligini tushunaman. Doimiy ravishda o‘z ustingizda ishlash va har qanday vaziyatdan saboq olish muhim. Men sabr-toqat va o‘z ustimda doimiy ishlash orqali qiyinchiliklarni yengdim.
Ba’zida ishda texnik muammolar bo‘ladi, lekin bundan tashqari boshqa qiyinchiliklarga duch kelmadim. Hamkasblarim bilan har doim yaxshi munosabatlarni saqlab kelganman. Texnik savollar tug‘ilganda guruh rahbariga murojaat qilaman yoki javoblarni Googledan qidiraman.
Sohada endi ish boshlaganlar ko‘pincha amaliy tajriba yetishmasligi tufayli qiyinchiliklarga duch kelishadi. Odatda, biznes egalari tijorat loyihalarini yangi dasturchilarga ishonib topshirishmaydi. Biroq, ular ochiq kodli loyihalarda ishtirok etish orqali tajriba orttirishlari mumkin.
IT-sohasida ish topishga yordam beruvchi 3 ta maslahat
1. Dasturiy ta’minot bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiring
2. Ingliz tilini o‘rganing
3. Ochiq kodli loyihalar ustida ishlash orqali tajribaga ega bo‘ling.