O‘zbekistondan IT-community: Women in Tech Uzbekistan
Women in Tech — texnologiya sohasidagi ayollarning xalqaro uyushma tarmog‘i bo‘lib, uning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2024-yilda ochilgan. Keling, hamjamiyat o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ygani va o‘z a’zolarining rivojlanishini qanday qo‘llab-quvvatlashini bilib olamiz.
Anna Ambrozevich, Toshkent shahri, Women in Tech Uzbekistan direktori, shaxsiy brend bo‘yicha maslahatchi, marketing texnologiyalari sohasida ekspert, Linkedin
Hamjamiyat haqida
Women in Tech global hamjamiyatining O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonasi 2024-yil 2-mart kuni ochilgan. Women in Tech global hamjamiyatiga 2018-yilda Ayumi Mur Aoki tomonidan asos solingan boʻlib, hamjamiyat soʻnggi olti yil ichida jadal rivojlanmoqda.
Ko‘ngillilar harakati sifatida tashkil etilgan hamjamiyat o‘z missiyasini 2030 yilgacha STEAM-sohasida 5 000 000 ayol va qizlarni qo‘llab-quvvatlash sifatida shakllantiradi. Ushbu maqsadga erishish uchun biz to‘rtta asosiy vositadan foydalanamiz: ta’lim, biznes, raqamli inklyuziya va huquqlarni himoya qilish.
Bugungi kunda Women in Tech 56 mamlakatda o‘z vakolatxonalari va 300 000 dan ortiq a’zolariga ega bo‘lib, hamjamiyat tomonidan har yili turli xalqaro mukofotlar va sammitlar tashkil etiladi.
O‘zbekistondagi vakolatxonaning ochilish marosimida Ayumi Mur Aokining shaxsan o‘zi ishtirok etgan. Bu esa ushbu tadbirning qanchalik ahamiyatli ekanligini belgilab beradi. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Women in Tech vakolatxonasini ochgan birinchi davlat bo‘lgan.
Women in Tech Global haqida quyidagi havola orqali batafsil o‘qish mumkin: https://women-in-tech.org/
Hamjamiyatning xalqaro miqyosdagi global maqsadlaridan tashqari, biz O‘zbekistonda o‘z oldimizga mahalliy maqsadlarni qo‘yganmiz. Xususan:
— O‘zbekiston ayollari va qizlarining jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi
— ushbu sohada Future skills va karyeralarni rivojlantirish
— kompaniyalar, universitetlar va hududlarda yangi rahbar ayollarning yetishib chiqishi.
Hamjamiyat ishtirokchilari
Bizning hamjamiyatimiz STEAM sohasiga qiziqqan o‘quvchi qizlardan tortib professionallar va rahbarlargacha bo‘lgan barcha ayollar uchun ochiq.
Biz qizlarga xalqaro darajadagi raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lishlariga yordam bermoqchimiz. Shuning uchun kiberxavfsizlik, tahlil, data science va shu kabi istiqbolli sohalarga e’tibor qaratamiz.
Hamjamiyatimizga qo‘shilish oson, bizning barcha tadbirlarimiz bepul, shunchaki ijtimoiy tarmoqlardagi yoki WIT-Hub platformasidagi sahifalarimizga obuna bo‘lish kifoya.
Biz hammamiz volontyorlarmiz. Agar siz hamjamiyat hayotida faolroq ishtirok etishni istasangiz, siz ham volontyor, ambassador, yo‘nalish rahbari, mentor yoki spiker bo‘lishingiz mumkin.
Bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz hamda volontyor va ambassadorlik uchun ariza shakllarini havolasi orqali topishingiz mumkin.
Hamjamiyat a’zolari uchun tadbirlar
Bizning tadbirlarimiz har doim barcha uchun ochiq. Ularda nafaqat ayol-qizlar, balki erkaklar ham ishtirok etishi mumkin, joylar cheklangan hollar bundan mustasno. Bundan tashqari, xohlovchilar o‘zlarini nafaqat tinglovchi, balki spiker sifatida ham taklif qilishlari mumkin.
Biz onlayn va oflayn rejimda turli tadbirlar tashkil qilamiz. Misol uchun:
— mutaxassis-spikerlar bilan istiqbolli karyera yo‘llari bo‘yicha uchrashuvlar
— turli kompaniyalar bilan Women in Tech Talks suhbatlari, bu yerda biz muloqot uchun platformaga aylanamiz
— IAmRemarkable vorkshoplari orqali «firibgar sindromi» ga qarshi kurashishga yordam beramiz
— universitetlar va hududlarda turli tadbirlar.
Ayni paytda universitetlarda, kuzda esa viloyatlarda Women in Tech ambassadori dasturi boshlanmoqda.
Biz Women in Tech’ning global tashabbuslarini, jumladan, Yevropa biznes universiteti dasturlari va xalqaro vebinarlarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz.
2024-yilda delegatsiyamiz birinchi marta Parijda har yili boʻlib oʻtadigan Women in Tech sammitida ishtirok etdi. O‘zbekistondan Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova va yosh ambassador Gulnoza Abdurashidovalar so‘zga chiqishdi.
Yana bir ajoyib yangilik — 2024-yil 20-oktabr kuni O‘zbekistonda ilk bor Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasi mukofoti bo‘lmish Women in Tech CCA Awards mukofoti bo‘lib o‘tdi. Mukofot uchun talabgorlar quyidagi yetti toifada o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi:
— Aspiring Teen Award
— Most Disruptive Award
— Best Ally Award
— Most Impactful Initiative Award
— Woman in Web3 Award
— Tech Diplomacy Award
— Greentech Start-Up Award
— Global Leadership Award
— Lifetime Achievement Award.
Hamjamiyat rivojlanishga qanday yordam bermoqda
Bizda bir nechta vositalar mavjud:
— ko‘plab mahalliy va xalqaro tadbirlar
— butun dunyodagi hamfikrlar bilan muloqot qilish uchun WIT-Hub ijtimoiy tarmog‘i
— universitetlar va hududlar uchun mentorlik va ambassador dasturlari
— WIT’dan turli formatdagi mahalliy va xalqaro ta’lim dasturlari
— O‘zbekistonlik qizlarni IT-sohasi mutaxassislari sifatida ommalashtirish va ularni xalqaro hamjamiyatga integratsiya qilish.
Muvaffaqiyatli loyihalar
Delegatsiyamizning Parijdagi sammitda ishtirok etishi, shuningdek, CCA Awards mukofotlarini topshirish uchun Toshkent shahri tanlangani katta g‘alaba bo‘ldi.
Shuningdek, biz kompaniyalar bilan birgalikda olib boradigan Women in Tech Talks formatini qiziqarli va foydali deb bilamiz. Ushbu tadbir doirasida biz ishtirokchilar bilan Women in Tech’ning tarixi, muammolari va imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashamiz, shuningdek, kompaniyada ishlaydigan qizlarga ularning hikoyalari bilan bo‘lishish imkoniyatini beramiz. Ushbu tadbirlar IT-sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab hamkorlik va tashabbuslarimiz orqali barchaga ochiq.
Shuningdek, yaqinda IT Park University’da Women in Tech Talks dasturining ishga tushirilishi bo‘lib o‘tdi. Unda talaba qizlar birinchi marta spiker sifatida qatnashdilar va o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu qizlar uchun o‘zlarining shaxsiy brendi va chiqishlarini rivojlantirishda juda katta qadam bo‘ldi.
Rejalar
Rejalar juda ko‘p. Xususan: ixtisoslashtirilgan tadbirlar, Women in Tech Talks, hududlar va universitetlarda ambassador dasturini rivojlantirish, ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkentda CCA Awards tadbirlarini o‘tkazish va boshqalar. Mazkur tadbirlarga barchangizni taklif qilib qolamiz.
Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun hamkorlar, homiylar va volontyorlarni faol jalb qilamiz.
Hamjamiyatimizga qo‘shilishni xohlovchilar yoki hamkorlik takliflari uchun men bilan Telegram yoki uzbekistan@women-in-tech.org elektron pochtasi orqali bog‘lanishingiz mumkin.