20 yoshli o‘zbekistonlik startap orqali 500 000 dollar sarmoya jalb qildi

5f7aff86 2584 43c4 8877 7e2dfd4633ea 1 105 c

O‘zbekistonlik Bahodir Rajabov San-Fransiskoda Surgent startapini yaratdi, u texnik bilimga ega bo‘lmagan ijodkorlar va tadbirkorlarga o‘z dasturiy ta’minotini yaratish va undan daromad olish imkonini beradi.

Bahodir Rajabov San-Fransisko shahri, CEO, Instagram

Hammasi qanday boshlandi?

Men asli buxorolikman. Dasturlashni 14 yoshimda boshlaganman — ilk loyiham shunchaki qiziqish orqasidan yaratilgan Telegram-bot bo‘lgan. Bolaligimda texnologiyalar haqidagi “Xeshteg” ko’rsatuvini tomosha qilardim, biroq u paytlar bularning barchasi qanday ishlashini tushunmasdim. Keyinchalik informatika darsida Pascal tilida o‘zimning ilk dasturimni yozdim va aynan o‘sha lahzada qalbimda nimadir uyg‘ondi. Shundan so‘ng to‘xtab qolmadim.

Vaqt o‘tib, sohaga yanada chuqurroq kirib bordim. TikTok va Instagram’dan video yuklab oladigan Telegram-botlar yaratdim, keyinchalik ular yuz minglab foydalanuvchiga ega yirik loyihalarga aylandi. Aynan shu loyihalar ustida ishlayotganimda men ilk bor haqiqiy miqyos, skreyping va begona API’larga bog‘liq bo‘lgan mahsulotlarning barcha “og‘riqli” nuqtalariga duch keldim. Zero, bu API’lar doimiy ravishda o‘zgarib turar va beqaror edi. 

Keyinchalik men sun’iy intellekt asosida ishlaydigan AI-yuristni, undan so‘ng esa real vaqt rejimida tarjima qiluvchi GetIntercall platformasini ishlab chiqdim. Bu texnik jihatdan eng murakkab loyiham bo‘ldi, shekilli. Real vaqtdagi ko‘p tilli transkripsiya, so‘zlovchilarni ovozidan ajratish, signal kechikishlari bilan ishlash va shu bilan birga, professional tarjimonlar ishonishi mumkin bo‘lgan aniqlikni ta’minlash kerak edi.

Har bir mahsulot menga o‘ziga xos narsalarni o‘rgatdi. Biroq ularning barchasida bir xil holat takrorlanardi: ilovani yaratish — ishning eng oson qismi. Monetizatsiya, ya’ni to‘lovlar, soliqlar, xosting va yuridik infratuzilma — mana qayerda ko‘pchilik, jumladan, o‘sha paytda o‘zim ham qotib qolganman.

Surgent loyihasi aynan shu sababli paydo bo‘ldi. Undan ko‘zlangan g‘oya oddiy: har qanday insonga dasturlash ko‘nikmalarisiz va infratuzilma bilan bog‘liq bosh og‘riqlarsiz shaxsiy dasturiy ta’minotini yaratish hamda undan daromad olish imkoniyatini berishdir. 

Startapni ishga tushirish

Men Surgent loyihasini San-Fransiskoda solo-founder sifatida boshladim. Startda hech qanday jamoa va moliyalashtirish yo‘q edi — faqat men va mahsulot. Orqamda yillar davomida orttirilgan mustaqil dasturlash tajribasi borligi sababli, qanday qilib tez harakat qilish kerakligini yaxshi tushunardim.

img 1296 scaled 1

Bungacha bo‘lgan yo‘lim quyidagicha kechgan: 16 yoshimda Polshaning LeverX kompaniyasida dasturchi sifatida ilk ishimni boshladim. 17 yoshimda Gruziya kompaniyasida masofadan turib ishlab, oyiga qariyb $2000 daromad topardim. Muayyan vaqt o‘tgach, O‘zbekistonda o‘z nimalargadir erishish chegarasiga yetganimni va menga boshqa muhit kerakligini his qildim. Shundan so‘ng o‘qish uchun Polshaga ko‘chib o‘tdim. Uch-to‘rt oydan keyin IBM kompaniyasidan taklif oldim va universitetni tashlashga qaror qildim.

IBM’da men GenAI jamoasida tahliliy dasturiy ta’minot ustida ishladim. Bu yirik kompaniya, kuchli mutaxassislar, ammo sekin kechadigan jarayonlar muhiti edi. Ushbu tajriba menda allaqachon mavjud bo‘lgan tuyg‘uni yanada mustahkamladi: men o‘z mahsulotimni yaratishni istardim.

20 yoshimda San-Fransiskoga ko‘chib keldim. Bu yerdagi asoschilar, muhandislar va ulkan maqsadlarning zichligini dunyoning hech bir joyi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Men Surgent loyihasini yolg‘iz qurishni boshladim. Hozirda faol jamoamizda uch kishi bormiz. To‘g‘risini aytsam, bugungi kunda kodning 99 foizini AI-agentlar yozmoqda — men esa asosiy e’tiborimni tizim arxitekturasi, tadqiqotlar va loyiha o‘sishiga qaratganman. 

Maqsadli auditoriya

Surgent — bu dasturiy ta’minot orqali internetda daromad topmoqchi bo‘lgan, ammo dasturlashni bilmaydigan insonlar: content yaratuvchilar, indi-xakerlar va texnik ma’lumotga ega bo‘lmagan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan platformadir. E’tiborini faqat “ilova yaratish”ga qaratadigan Lovable va Replit kabi raqobatchilardan farqli o‘laroq, bizning asosiy maqsadimiz — “shu ilova orqali daromad toppish”ga ko‘maklashishdir.

Bugungi kunda kreatorlarda monetizatsiya qilishning bor-yo‘g‘i ikki-uchta asosiy usuli bor. Bular: reklama integratsiyalari, o‘quv kurslari va dropshipping. Biz bunga to‘rtinchi usulni — shaxsiy dasturiy ta’minotni yaratish va sotishni qo‘shmoqdamiz. Foydalanuvchi shunchaki o‘z g‘oyasini tasvirlab beradi, platformaning o‘zi esa mahsulotni quradi, to‘lovlar, soliqlar, xosting va yuridik infratuzilmani o‘z zimmasiga oladi. Inson bor e’tiborini o‘z auditoriyasiga qaratadi, Surgent esa qolgan barcha narsani hal qiladi.

Bizning biznes-modelimiz platformadan foydalanish uchun obuna hamda har bir tranzaksiyadan olinadigan komissiyadan iborat. Shu bilan birga, foydalanuvchilarimiz Stripe tizimiga bog‘lanib qolmasdan, istalgan davlatdan to‘lovlarni qabul qila olishlari uchun biz o‘zimizning shaxsiy to‘lov infratuzilmamizni barpo etmoqdamiz.

Erishilgan yutuqlar

Biz Pre-Seed bosqichida $500 000 miqdorida investitsiya jalb qildik. Raund Y Combinator standart shartlari asosida, SAFE  formatida rasmiylashtirildi.

Raqamli mahsulotlarni monetizatsiya qilish bo‘yicha Amerikaning Whop platformasi va uning bosh ijrochi direktori Stiven Shvarts loyihamizga investorlik qildi. Qizig‘i shundaki, dastlab ularning o‘zlari biz bilan bog‘lanishgan edi. Birinchi bo‘lib berilgan taklif acqui-hire shaklida bo‘ldi, Ya’ni Whop jamoasiga qo‘shilib, mahsulotni ularning kompaniyasi ichida rivojlantirishni taklif qilishdi. Shartlar juda jozibador edi: yiliga qariyb $1 million maosh va biznesdan ulush. Ammo biz Surgent loyihasini mustaqil kompaniya sifatida qurishni istaganimiz sababli, bu taklifni rad etdik.

Shundan so‘ng, Stiven loyihamizga $500 000 sarmoya kiritishni taklif qildi. Bunday boshlang‘ich bosqichdagi investitsiya nafaqat mahsulotga, balki ko‘p jihatdan bizga — loyiha asoschilariga bo‘lgan ishonchni anglatadi. Ular ham biz kabi bir trendni ko‘rishmoqda: kreatorlar uchun monetizatsiyaning keyingi to‘lqini o‘quv kurslari yoki yopiq guruhlar emas, balki shaxsiy dasturiy ta’minot atrofida quriladi. Biz uchun bu ishonch juda katta ahamiyatga ega. 

Jalb qilingan mablag‘larni mahsulot ishlab chiqishni tezlashtirish, foydalanuvchilarni jalb qilish ko’lamini kengaytirish, shaxsiy to‘lov infratuzilmamizni yaratish va keyingi raund uchun muhim ko‘rsatkichlarga erishishga yo‘naltiramiz.

img 1540 2048x1536 1

Qiyinchiliklar haqida

Men ish boshlagan muhit ilk qiyinchiliklardan biri bo‘lgan. Buxoroda internet va kompyuter texnikasi kuchsiz edi, yon-atrofimda esa biror marta yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan mentorlar bo‘lmagan. Asosan mustaqil ravishda, onlayn tarzda o‘rgandim. O‘tmishga nazar tashlab shuni tushunamanki, bu cheklovlar texnik jihatdan rivojlanishimni sekinlashtirgan bo‘lishi mumkin, ammo shu bilan birga meni chiniqtirdi. Va men bosib o‘tgan shu yo‘limdan minnatdorman. 

Alohida mavzu — bu sog‘liq. Bu haqiqatdan ham jiddiy masala. Yillar davomida monitor qarshisida kuniga 14-15 soatlab ishlash, noto‘g‘ri ovqatlanish, uyqu yetishmasligi — bularning barchasi vaqt o‘tib o‘z asoratini ko‘rsatdi. Sog‘ligimda real muammolar paydo bo‘ldi. Agar ortga qaytish imkoni bo‘lganida, o‘zimga ancha ehtiyotkorona munosabatda bo‘lar edim. Agar jismoniy va ruhiy jihatdan charchab, so‘nib bo‘lgan bo‘lsangiz, uzoq muddat davomida biror narsa qurish mutlaqo imkonsiz.

Yaratgan mahsulotlarim ham menga katta dars bo‘ldi. Skreyping asosidagi loyihalar — TikTok va Instagram uchun yaratilgan o‘sha botlar — menga eng muhim narsani o‘rgatdi. Ya’ni begona va beqaror poydevor ustiga biznes qurib bo‘lmaydi. GetIntercall loyihasi real vaqt rejimida ishlaydigan tizimlar naqadar murakkabligini va mahsulotingizga real foydalanuvchilar bog‘liq bo‘lganida aniqlik qanchalik muhim rol o‘ynashini ko‘rsatdi. Surgent esa barcha shu texnik va mahsulotga oid darslar bir nuqtada birlashgan loyiha bo‘ldi. 

Yakka asoschi sifatidagi hayot haqida gapiradigan bo‘lsam, eng qiyini — e’tiborni bir joyga jamlash. Sizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarib qo‘yadigan sherigingiz bo‘lmaganida, chalg‘ib ketish juda oson. Bir tomondan, bosim yordam beradi — u shoshilinchlik hissini uyg‘otadi va sizga turtki beradi. Ammo uni boshqarishni bilish kerak, aks holda bu bosim sizga qarshi ishlay boshlaydi.

Dasturlashni endi boshlayotganlarga oddiy maslahat bergan bo‘lardim: bor e’tiborni qaratib, butunlay jarayonga sho‘ng‘ish. Yo‘lning katta qismi zerikarli tuyuladi — ingliz tilini o‘rganish, darsliklarni ko‘rib chiqish, hali hech kim foydalanmayotgan mahsulotlarni yaratish. Ammo aynan mana shu poydevor — til va texnik ko‘nikmalar — ma’lum bir nuqtaga kelib hamma narsani o‘zgartirib yuboradi. 

Yana bir amaliy maslahat: Twitter ijtimoiy tarmog‘idan foydalaning. Agar siz global bozor uchun mahsulot yaratayotgan bo‘lsangiz, undagi ekotizimni, trendlarni va odamlarni tushunishingiz kerak — bugungi kunda bu muhitning katta qismi aynan o‘sha yerda yashaydi.

Rejalar

Yaqin uch oy ichida biz tezkor o‘sishga bor e’tiborimizni qaratamiz. Bunda foydalanuvchilar bazasini sezilarli darajada kengaytirish, shaxsiy to‘lov infratuzilmamizni ishga tushirish, Whop platformasi bilan chuqur integratsiyani amalga oshirish va platforma ichida AI-agentlar marketpleysini ochishni rejalashtirmoqdamiz.

12–18 oylik istiqboldagi maqsadimiz — navbatdagi investitsiya raundi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishish va Surgent’ni dasturiy ta’minot orqali daromad topmoqchi bo‘lgan kreatorlar uchun birinchi raqamli platformaga aylantirishdir.

Ikki yildan so‘ng biz 100 000 nafar foydalanuvchiga Surgent orqali oyiga kamida $1000 daromad topishga yordam berishni maqsad qilganmiz.

Bizning uzoq muddatli missiyamiz — har bir insonga dasturiy ta’minot yaratish va internetda pul ishlash imkoniyatini taqdim etishdir. Shuningdek, O‘zbekistondan chiqqan asoschilar ham global miqyosdagi kompaniyalarni qura olishini isbotlash va vaqt o‘tib, O‘zbekistondagi startaplarga qayta investitsiya kiritishdir.