BILLZ — savdoni avtomatizatsiya qilish bilan shug‘ullauvchi startap

BILLZ  startap loyihasi hamasoschisi Rustam Hamdamov o‘z loyihasining yaratilish tarixi, uni amalga oshirishdagi qiyinchiliklar va yutuqlar bilan bo‘lishdi.

Rustam Hamdamov, Toshkent shahri, BILLZ  startap loyihasi rahbari va hamasoschisi, @rustamkhamdamov

Hammasi qanday boshlangan edi

Startap g‘oyasi 2017 yilda paydo bo‘lgan. O‘sha paytda biz Ucell aloqa operatorida ishlar edik. Bu paytga kelib, menda mahsulot ishlab chiqish bo‘yicha sakkiz yildan ortiq tajriba bor edi. Ikkinchi hamasoschi, Vadim, loyihaning texnik qismi bo‘yicha ishlagan. Uchinchi hamasoschi ham Ucellda ishlar edi, biroq keyinchalik ishdan ketib, o‘zining shaxsiy do‘konlar tarmog‘ini ochgan. Unda mahsulotlarni hisobga olish bilan bog‘liq muammo bor edi. Biz esa ayni paytda ichki CRM tizimini ishlab chiqishni boshlagan edik. Shuning uchun uni va boshqa chakana sotuvchilarni tadqiqot o‘tkazish uchun fokus-guruhga taklif qildik.

Ehtimoliy mijozlar bilan 20 dan ortiq CustDev intervyular o‘tkazgandan so‘ng, ularda ham xuddi shunday muammolar borligini tushundik. Ular bozorda taqdim etilayotgan xizmatlardan mamnun emasligi yuzaga chiqdi. Ko‘pgina chakana sotuvchilar hatto hisobotlarni qog‘ozda yuritib kelishgan. Biz mazkur loyiha ustida taxminan ikki yil davomida “part-time” rejimda ishladik va 2019 yilda e’tiborni butunlay unga qaratdik.

Jamoa

Birinchi jamoani Ucell da birga ishlagan tanishlarimiz orasidan yig‘dik. Mahsulot shaxsan biz bilgan yoki boshqa xodimlar orqali tanigan kishilar tomonidan yozildi. Loyiha rivojlanib borishi bilan, boshqa ishchilarni yollay boshladik.

Maqsadli auditoriya

Bizning maqsadli auditoriyamiz — bu savdo sohasidagi kichik va o‘rta biznes. Poyafzal, kiyim-kechak, aksessuarlar, texnika va boshqa shu kabi mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadigan do‘konlar. Biz taklif qilayotgan yechim do‘kon ichidagi mahsulotlarni, mijozlarni, xizmatlarni to‘liq boshqarish imkonini beradi va ularga veb-saytlar, botlar va marketpleyslar orqali onlayn savdoga o‘tishga yordam beradi.

Bizning mahsulotimizdan foydalanganda mijozlar mahsulot qoldig‘ini optimallashtirishda 30% gacha tejashadi, chunki bizning yechim orqali ular kerakli tovarlarni to‘g‘ri sotib olish hamda mijozlarni jalb qilish va ushlab qolishda yanada samarali ishlashlari mumkin bo‘ladi.

Biz xodimlarni o‘qitishga ham yordam beramiz. Eng muhimi, buni bepul amalga oshiramiz. Do‘konga boramiz, hammasini ko‘rsatamiz va keyinchilak ham masofaviy tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Ko‘pchilik chakana sotuvchilar qog‘oz yoki Excel dan bizning mahsulotimizga o‘tishmoqda, chunki bu ular uchun osonroq va qulayroq.

Biz to‘rtta davlatda: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda faol ishlayapmiz. Shu bilan birga, ayni paytda loyihani yana ikki mamlakatda yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz.

Bizning xizmatimizdan foydalanuvchilarning umumiy soni 15 000 dan ortiq bo‘lgan 2500 do‘kon foydalanadi.

Akseleratsiya dasturlari

Biz o‘tgan birinchi dastur — bu Y-Combinator onlayn-akseleratori edi. U bepul va barcha uchun ochiq.

2023 yilda biz Astana Hub va Google for Startups-ning ikkinchi akseleratsiya dasturini yakunladik. Uch oy muddatga Ostonaga ko‘chib o‘tdik, haftalik treking va mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Juda ko‘p yangi narsalar o‘rgandik va qiziqarli odamlar bilan tanishdik.

Uch-to‘rt marta turli musobaqalarda qatnashib, ikki marta g‘alaba qozondik. Global Entrepreneurship Award tanlovida birinchi o‘rinni egalladik.

Qiyinchiliklar

Qiyinchiliklar har yili va har kuni paydo bo‘ladi. Asosiy qiyinchiliklar dastlabki bosqichlarda — birinchi versiyani yaratish va sotishni boshlash jarayonida bo‘lgan. Biz mahsulotni yaratishni juda ideallashtirib yuborgan edik, uni to‘qqiz oy yozdik va yana olti oy davomida takomillashtirish ustida ishladik. Shundan keyingina texnologiyani mijozlarga taqdim etdik va o‘shanda ko‘plab xatolar yuzaga chiqa boshladi.

Mijozlar mahsulotimizdan foydalanishni boshlashlari bilanoq, biz fidbeklarni qabul qila boshladik. Shunga asoslanib, rivojlanishning to‘g‘ri yo‘nalishini belgilay oldik.

Ikkinchi muammo — mahsulotni tez yoyish. Biz O‘zbekiston uchun tizim yaratib, uni boshqa davlatlarga ham yoyishni rejalashtirgan edik. Keyin tushundikki, ma’lum bir bozor uchun yaratilgan narsa har doim ham boshqalarga yaxshi o‘tmaydi. Shuning uchun mahsulotning yangi versiyasini yozdik, va bunga yana ikki yil va juda ko‘p mablag‘ sarfladik.

Uchinchi muammo — investitsiyalarni jalb qilish. 2019-2020 yillarda O‘zbekistonda professional yoki institutsional venchur fondlari mavjud emas edi. Investorlarni topish qiyin edi. Biz shunchaki puli bor odamlarni qidirdik. Shu payt Sturgeon Capital bilan tasodifan tanishib qoldik. O‘sha paytda ular bozorga endigina kirib kelayotgan edi va biz ular sarmoya kiritgan birinchi kompaniya bo‘ldik.

Oxirgi muammo — iste’dodlarni jalb qilishdir. Startapning har bir bosqichida uni keyingi bosqichga olib chiqa oladigan odamlar kerak.

Texnologiya sohasida bunday xodimlarni topish qiyin. Dastlabki bosqichda stajyorlar yoki mutaxassislarni yollashimiz va ularni o‘zimiz o‘qitishimizga to‘g‘ri keldi. Xullas, bizga talaba bo‘lib kelgan yigitlar hozir zo‘r kadrlarga aylanishdi.

Tavsiyalar

Agar siz gipotezaga asoslangan biznes qurayotgan bo‘lsangiz, foydalanuvchi ma’lumotlarini yig‘ishni boshlash orqali uni imkon qadar tezroq ishga tushirishingiz kerak. Ularga asoslanib, resurslarni qayerga investitsiya qilishni aniqlashingiz mumkin bo‘ladi.

Shunchaki qilishni boshlang. Agar sizda yaxshi fikr va bozorga kerak bo‘lgan mahsulot bo‘lsa, qat’iyatli va sabrli bo‘ling. Bu fazilatlar yaxshi asoschilarni boshqalardan ajratib turadi.

Uchrashuvlarga boring, odamlar bilan tanishing, boshqa asoschilar bilan muloqot qiling. Bu sizning dunyoqarashingizni kengaytirishga yordam beradi. Boshqalar qanday ishlayotganini ko‘rganingizda, o‘zingiz ham ko‘proq narsaga intilishni boshlaysiz.

 Yutuqlar

2022yilda biz xalqaro venchur fondlaridan quyidagi investitsiyalarni jalb qildik: Quest Ventures dan $500 000 va Sturgeon Capitaldan $150 000.

Biz uch yarim barobar o‘sdik, faol yoyishga tayyor bo‘lgan mahsulotning xalqaro versiyasini yozdik va kuchli savdo va qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarini yig‘dik.

Rejalar

Biz ayni paytda mahsulotni yoyish bosqichidamiz. Yangi bozorlarga tezroq kirish uchun investitsiyalarni jalb qilyapmiz. Yil oxiriga qadar Gruziya va Ozarbayjonda, keyinroq Saudiya Arabistonida loyihani ishga tushiramiz. Bu bo‘yicha allaqachon tadqiqot o‘tkazdik va biz uchun aynan shu mamlakatlar hozirda qiziqarli ekanligini tushundik.

Mavqeimizni mustahkamlab, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda to‘rt-besh barobar o‘sishni rejalashtirganmiz.