Orzularidagi kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik 10 nafar dasturchi
Bugungi kunda o‘zbekistonlik muhandislar TikTok va Dropbox uchun kod yozishmoqda, Google hamda Amazon kabi gigantlarda infratuzilmalarni barpo etishmoqda va AWS’da jamoalarni boshqarmoqdalar. Shu bilan birga, ular keyingi avlod uchun turli platformalar hamda hamjamiyatlar tashkil etib, o‘z bilimlarini vatanga qaytarmoqdalar. Bu shunchaki tasodif yoki omad emas — bu imkoniyatlarni kutib o‘tirmasdan, ularni o‘zlari yaratishga qaror qilgan insonlar mehnatsevarligining mahsulidir.
Darxonbek Mamataliev
TikTok kompaniyasidagi Senior iOS muhandisi va archly.dev platformasi hamasoschisi. U o‘z faoliyatini EPAM kompaniyasida boshlagan, so‘ngra Uber Eats jamoasiga o‘tgan va u yerdagi xizmatlari kompaniyaga yiliga $73 million qo‘shimcha daromad keltirgan. Bugungi kunda u TikTok’da butun iOS kod bazasining sifatiga mas’ul hisoblanadi va kompaniyaning AQSh ofisidagi mobil arxitektura jamoasining ilk a’zosi bo‘ldi. U parallel ravishda boshqa muhandislarga FAANG darajasidagi nufuzli kompaniyalarga ishga kirishda ko‘maklashib kelmoqda — uning shogirdlari Apple, Meta, Stripe va Airbnb kabi gigantlardan yiliga $300 000 dan $500 000 gacha bo‘lgan ish haqi takliflarini qo‘lga kiritishmoqda.
Azim Po‘lat
Meta, Amazon va Google kompaniyalarida boy tajribaga ega Backend muhandisi, ayni paytda esa 42.uz ta’lim loyihasi asoschisi. U o‘z vaqtida Amazon kompaniyasida Alexa ovozli yordamchisi infratuzilmasi ustida ishlagan, so‘ngra Google jamoasiga o‘tib, Google Kubernetes Engine ichidagi Kubernetes klasterlarini optimallashtirish bilan shug‘ullangan. Varshavadagi bir nechta universitetlarda parallel ravishda tahsil olib, o‘qish va ishni muvaffaqiyatli birga olib borishga ulgurgan. Keyinchalik u o‘zi chin dildan ishongan loyihani barpo etish — o‘zbek auditoriyasi uchun hamyonbop va sifatli IT-ta’lim tizimini yaratish maqsadida Google kompaniyasini tark etgan.
Bek Akilov
Amazon Web Services kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi. U Michigandagi Kalamazoo kollejida tahsil olgan va u yerda o‘qish bilan bir vaqtda diskret matematika fanidan dars bergan. AWS jamoasiga qo‘shilishdan avval, texnik suhbatlarga tayyorlanish bo‘yicha dunyodagi eng mashhur platformalardan biri — NeetCodeda muhandis bo‘lib faoliyat yuritgan. NeetCode asoschisining shaxsan o‘zi Bekning loyihalarni loyihalash bosqichidan tortib to yakuniy relizgacha mustaqil olib borish hamda murakkab tizimlarni — jumladan, kodni ishga tushirish dvigatelini sifat va tezlikni yo‘qotmagan holda barpo etish qobiliyatini alohida e’tirof etgan.
Rustam Zokirov
Google kompaniyasining Myunxendagi ofisida dasturiy ta’minot muhandisi. U 2023-yilda O‘zbekistondagi universitetni tamomlagandan so‘ng, Germaniyaga ko‘chib o‘tdi va texnologiyalar sohasida o‘z karyerasini muvaffaqiyatli davom ettirdi. Rustam dasturlash va IT sohasidagi karyera haqida shaxsiy blog yuritadi. U yerda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, yirik texnologik kompaniyalardagi suhbatlarga tayyorlanish, Big Tech olamida karyera qurish, shuningdek, moliyaviy savodxonlik hamda investitsiyalar mavzularida foydali materiallar bilan bo‘lishib keladi.
Jahongir Rahmonov
NVIDIA kompaniyasining Berlindagi ofisida katta dasturiy ta’minot muhandisi. U yuqori darajada masshtablanuvchi taqsimlangan backend tizimlari hamda infratuzilmalarni yaratishga ixtisoslashgan bo‘lib, asosiy e’tiborni tizim unumdorligi hamda Rust va Kubernetes kabi zamonaviy texnologiyalarga qaratadi. Jahongir o‘z karyerasi davomida Amazon Web Services kompaniyasida faoliyat yuritib, huquqlarni boshqarish tizimlari va yirik taqsimlangan servislar ustida ishlagan. Shuningdek, Anaconda va Delivery Hero kompaniyalarida backend xizmatlari, bulutli yechimlar hamda ma’lumotlarni qayta ishlash platformalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.
Otabek Nurmuhammad
Taqsimlangan backend tizimlari, infratuzilma hamda AI/ML sohasidagi texnologiyalar bilan ishlovchi dasturiy ta’minot muhandisi. Hozirgi vaqtda u Dropbox kompaniyasida faoliyat yuritmoqda. Otabek o‘z karyerasi davomida masshtablanuvchi tizimlarni, shuningdek, backend-arxitektura va infratuzilmaga oid mahsulotlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Asosiy ishidan tashqari, u shaxsiy loyihalarini, jumladan, mahsuldorlikni oshirish vositalarini hamda system design va texnik suhbatlarga tayyorlanish bo‘yicha ta’lim materiallarini rivojlantirib kelmoqda.
Sherzod Muratov
eBay kompaniyasida yetakchi dasturiy ta’minot muhandisi. U asosan elektron tijorat sohasida masshtablanuvchi veb-servislar va yirik korxonalar uchun ilovalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. O‘z faoliyatida kross-funksional jamoalar bilan hamkorlik qilgan holda, loyihalashdan tortib to relizgacha bo‘lgan dasturiy ta’minot yaratishning to‘liq siklida ishtirok etadi. Uning asosiy texnologik steki va tajribasi Java, veb-texnologiyalar va ma’lumotlar bazalari, shuningdek, yuqori yuklamali mahsulotlar uchun yirik taqsimlangan tizimlarni barpo etish bilan bog‘liq.
Nodir Nazarov
Google kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi. U texnologiya sohasida 10 yildan ortiq boy tajribaga ega bo‘lib, avval Oracle va eBay kabi yirik texnologik kompaniyalarda faoliyat yuritgan. Nodir Java va Spring ekotizimidan foydalangan holda masshtablanuvchi backend tizimlari hamda yirik korxonalar uchun ilovalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. U algoritmlar, ma’lumotlar tuzilmalari va obyektga yo‘naltirilgan loyihalash sohasida kuchli tarjibaga ega, shuningdek, ma’lumotlar bazalari, CI/CD vositalari va avtomatlashtirish tizimlari bilan ishlashda katta tajriba to‘plagan.
Og‘abek Yo‘ldoshev
Microsoft kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisi. U masshtablanuvchi taqsimlangan tizimlar va full-stack ilovalarni ishlab chiqish sohasida qariyb to‘qqiz yillik boy tajribaga ega. Uning ixtisoslashuvi Microsoft Azure bulutli texnologiyalari, mikroservislar arxitekturasi va yuqori yuklamali tizimlar bilan ishlashni qamrab oladi. Og‘abek o‘z faoliyatida keng qamrovli texnologiyalar steki, jumladan, Java, C#, JavaScript, TypeScript, Angular, Node.js hamda SQL va NoSQL ma’lumotlar bazalaridan foydalanadi. Shuningdek, u Docker, Kubernetes, Kafka kabi zamonaviy yondashuvlar hamda AWS, GCP va Azure bulutli platformalariga asoslangan murakkab tizimlarni loyihalash va ishlab chiqishda faol ishtirok etadi.
Azizullo Temirov
Huawei kompaniyasida Datacom muhandisi, Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi. U sun’iy intellekt, telekommunikatsiya hamda korporativ tarmoq yechimlari bilan ishlaydi. Parallel ravishda xalqaro musobaqalarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Azizullo asosiy ishi va xakatonlardan tashqari, shaxsiy loyihalarini ham barpo etmoqda — bular qatoriga o‘zbek diasporasi xaritasi hisoblangan Notable.uz hamda brendlarni blogerlar bilan bog‘laydigan ULAN platformasi kiradi.
