O‘zbekistonda startap madaniyati: ekotizimga hozircha nimalar yetishmaydi
The Tech’ning yangi muallifi bilan tanishing — Yoshlar Ventures bosh direktori Abdulaziz Yakubov. O‘zining ilk maqolasida u tez o‘zgarayotgan dunyoda startap ekotizimi qanday rivojlanayotgani va nima uchun yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kelajakka kiritilgan investitsiya ekanini so‘zlab beradi.
Abdulaziz Yakubov, Toshkent shahri, CEO Yoshlar Ventures, LinkedIn
Tez o’zgaruvchan dunyoda noaniqlikka boy sohalar qanday rivojlanadi? Hozirgi kunda moliyaviy oqimlar va besh yil avvalgidan farq qiluvchi startaplar olami biz yashayotgan davrni ta’riflaydi. Tasavvur qiling, butun dunyoda yakkashox kompaniyalarning asoschilari 40 yosh va undan yuqori, ammo, nega Yoshlar Ventures venchur jamg’armasi startap sohasiga ilk qadam qo’yayotganlarni ya’ni yoshlarni qo’llab quvvatlamoqda?
Venchur tarixiga nazar solar ekanmiz, venchur sarmoyasi tabiatini ilk dengiz kashfiyotchilariga qiyoslash mumkin. Masalan, portugaliyalik dengizchilar hech kim jur’at etmagan noma’lum hududlarga borib, o’zlarining strategik xaritalarini tuzishgan. O‘sha davrda ko‘pchilik «Yaxshi Umid burni»ni aylanib o‘tishni o’ta xavfli va imkonsiz deb bilar, eski xaritalar ham bu qo’rquvni bo’rttirib ko’rsatardi. Lekin portugaliyaliklar tavakkal qildilar va qiyin ko’ringan bu yo’lning aslida qanchalik oson va imkoniyatlarga boy ekanini kashf qildilar. Sir tutilgan bu yangi xaritalar ularga boshqalardan ko’ra ulkan strategik ustunlik berdi.
Bugungi venchur olamida ham har bir jamg‘arma tanlov oldida turadi: kimgadir tegishli tayyor, hammabop xaritaga ergashish yoki noma’lumlik sari yo’l ochish. Biz ham xuddi o’sha jasur kashfiyotchilar kabi tavakkal qilyapmiz hali dunyo ko’rmagan, boshqalar ishonishga va sarmoya kiritishga qo’rqayotgan yangi startaplarga pul tikyapmiz. Maqsadimiz boshqalar chizgan chiziqdan yurish emas, balki innovatsiyalar olamining yangi strategik xaritasini o’zimiz yaratishdir.
Biz qaror qabul qilishda 20-25 yillik istiqbolni hisobga olishga intilamiz. Demak biz 18 yoshar asoschiga sarmoya kiritayotganda unga kelajak ko‘zi bilan qaraymiz. Bugun u yosh, sohaga endi kirayotgan mutaxassis bo‘lishi mumkin, lekin unga qanot bermasak, qanchalik balandga uchishini qanday bilamiz?
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat bo‘lib, 39 million aholiga ega, ularning yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha va shundan 9,5 million aholi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar. Davlatlar aro aholining qarishi va tug‘ilish darajasining pasayishi bilan belgilanadigan davrda bu bizning kuchli tarafimizdir.
Dunyo venchur tajribasini o‘rganganimizda aynan shu strategiya ulkan natijalar bergan davlatlarni kuzatamiz. Yoshlarga bildirilayotgan ishonch nafaqat ularning o‘ziga, balki chet el investorlariga ham turtki bo’ladi. Davlat fondlarining roli aynan shunda.

Keling, raqamlar bilan yuqoridagi fikrlarni isbotlasak, so’nggi yillar butun dunyo tarixida startaplarga eng ko’p pul tikilgan davr bo’ldi. «RISE Research» xalqaro agentligining hisob-kitoblariga qarasak, venchur jamg’armalari fondi 320 million dollarga yetib, rekord darajaga ko’tarildi. Eng quvonarlisi, 2022-yildan beri bu mablag’larning O’zbekistondagi ko’rsatkichi 11 barovarga o’sgan. Bizning mintaqada boshlangan har 100 ta startapdan qariyb 19 tasi albatta o’z investorini topib, haqiqiy biznesga aylanmoqda. Buni qarangki, bu ko’rsatkich Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari natijasidan ham ancha yuqori.
Startaplar ekotizimi mintaqamizda qanchalik rivojlanayotganini bitta fakt misolida ko’rish mumkin. O‘tgan yili dasturimizga Nukus shahridan 12 yoshli yigit o‘zining loyihasi bilan keldi. Mintaqadagi ekologik murakkab vaziyatga qaramay, u atrofidagi texnologik rivojlanishni teran anglab yetgani va bu o’zgarishlarga o’z yechimini taklif qilgani barchamiz uchun muhim signal bo’ldi. Tasavvur qiling, bu ishtirokchi 22 yoshida qanday kuchli tadbirkorga aylanadi? 32 yoshida-chi?
Xo‘sh, nega aynan yoshlar bu o‘sishning asosiy tayanchiga aylanmoqda? Ko‘pchilik o‘ylaydiki, investorlar xato qilmaydigan, qog‘ozda mukammal chizilgan biznesni qidiradi. Aslida unday emas. Startaplar ekotizimida investitsiya uzoq o‘ylanib o‘tiradiganlarni emas, o‘z g‘oyasini tez sinab ko‘radiganlarni qadrlaydi. Yosh tadbirkorlar aynan shunday turga kirishadi ya’ni ular tezroq harakat qiladi, tez xato qiladi va eng muhimi, ular bu xatolardan xulosa qilib harakatdan to’xtamaydi.
Bitta xato g‘oyani ushlab olib, unga uch yil umrini sarflagan odamdan ko‘ra, bir yarim yil ichida uchta turli farazni sinab ko‘rib, ishlamasligini bilib, tezda yo’lini strategik o’zgartira oladigan yosh asoschi, investor uchun ancha ishonchliroqdir. Albatta ushbu mashaqqatli jarayonda asoschi bilan birgalikda jamoaning o’rni ham katta.
O‘z tajribamiz ham bizga aynan shuni o‘rgatdi. Shu kungacha qo‘llab-quvvatlagan 24 ta startap misolida bir narsaga aniq ishonch hosil qildik, vaqt o’tishi bilan g‘oya o‘zgaradi, mahsulot o‘zgaradi, hatto ikkalasi ham bir necha marta butunlay yangilanib ketishi mumkin. Ammo eng qiyin burilishlarda va inqirozlarda ish beradigan, loyihani qutqarib qoladigan yagona o’zgarmas kuch bu jamoadir. Biz pul tikayotgan eng boshlang’ich bosqichda mahsulot ham, g‘oya ham hali juda xom bo‘ladi. Shunday noaniq vaziyatda siz to’liq ishonishingiz va kafolat bera olishingiz mumkin bo’lgan yagona tayanch faqat kuchli jamoadir.
Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, Yoshlar Ventures bu kelajak iqtisodiyotining asosiy poydevorini qurish loyihasidir. Biz hozir davlat mablag’lari hisobiga butun Markaziy Osiyoda hali to’liq shakllanmagan, lekin ertaga xususiy investorlar bemalol ishlashi uchun suv va havodek zarur bo’ladigan muhitni yaratyapmiz. Vaqti kelib startaplar yetuklik darajasiga erishganda maydonda millionlab dollarlik xususiy sarmoyalarni jalb qila oladigan, xalqaro maydonga chiqishga tayyor kuchli tadbirkorlar avlodi qolishi kerak.
Xo’sh, yuqoridagi ijobiy ko’rsatkichlarga qaramay, ekotizimga hozircha nima yetishmayapti? Birinchi navbatda aniq «Eksit» strategiyalarining yo’qligi. Investor o’z sarmoyasini qanday qilib qaytarib oladi? Hozircha mintaqamizda yirik korporatsiyalar tomonidan muvaffaqiyatli startaplarni sotib olish madaniyati yoki yirik ochiq bozorlarga chiqish amaliyoti to’liq shakllanib ulgurmadi. G’oyani mahsulot darajasiga olib chiqayotgan yoshlar ko’p, lekin bu mahsulotni katta bizneslar sotib olishi orqali venchur doirasini mantiqiy yakunlash mexanizmi hali o’z ustida ishlashimiz kerak bo’lgan asosiy vazifalardan biridir.
Shunga qaramay, hozirgi kunda malakali asoschilar bilan birgalikda akselerator programmalarni startap ekotizimini yaxshilash maqsadida jalb qilmoqdamiz. Misol uchun, Y Combintor loyihasini tamomlagan asoschilar bizning mamlakatimizga kelib startap ekotizimi bo’yicha qo’llab quvvatlab, mentorship darslarini o’tishi bo’yicha hamkorlikni amalga oshirmoqdamiz. Shu va shunga o’xshash loyihalarimizdan asosiy maqsad, startap ekotizim poydevorini mustahkamlab, uni global miqyosga olib chiqish.
Barcha qilinayotgan loyihalarning yakuniy maqsadi bitta, biz shunchaki xavfsiz maydon tayyorlamayapmiz, biz O’zbekiston yoshlarining dadil g’oyalariga qanot bag’ishlab, ularni katta dunyoni zabt etishga tayyorlayapmiz. Xuddi o’sha jasur dengizchilar kabi, noma’lum hududlarga birinchilardan bo’lib kirib boryapmiz. Zero, bu mintaqa startap ekotizimining kelajagi va bu bizning xaritamizdir.
