O‘zbekistonliklar Telegramda investitsiyalarga kirish huquqini qanday qo‘lga kiritishlari mumkin
O‘zbekistonda FinTech sektori mintaqadagi ko‘plab bozorlarga nisbatan tezroq rivojlanib, global mahsulotlarni ishga tushirish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Ushbu intervyuda mamlakat nega Wallet in Telegram’ning rasmiy xalqaro ekspansiyasi uchun ilk manzil sifatida tanlangani, embedded finance qanday rivojlanayotgani hamda nega kriptovalyuta ommaviy moliyaviy vositaga aylanayotgani haqida so‘z yuritiladi.
Diyorbek Muhammadov — Toshkent shahri, Wallet in Telegram kompaniyasining mintaqaviy direktori, IT va FinTech bo‘yicha ekspert, LinkedIn
O‘zim haqimda
Men 2019-yildan buyon FinTech sohasida faoliyat yuritaman. Faoliyatimni Janubiy Koreyada boshlaganman. U yerda qariyb olti yil yashab, tahsil oldim va xalqaro pul o‘tkazmalariga ixtisoslashgan FinTech kompaniyasida marketing menejeri sifatida ish boshladim.
Keyinchalik MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy menejer lavozimiga o‘tdim. O‘zbekistonga qaytgach, shu tajriba va bilimlarga tayangan holda faoliyatimni davom ettirdim.
Hozirda Telegram ekotizimiga bevosita integratsiya qilingan kriptovalyuta hamyoni — Wallet in Telegram kompaniyasida mintaqaviy direktor lavozimida ishlayman. Ushbu platforma O‘zbekistonda o‘z litsenziyasi asosida rasmiy faoliyat yuritadi.

Kompaniyaga kelishim
Men 2019-yildan buyon FinTech sohasida, asosan, Web2 — an’anaviy moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishida faoliyat yuritaman. Shu bilan birga, kriptoindustriyaga qiziqishim doimo yuqori bo‘lgan. Men boshidanoq ushbu sohaning rivojlanishi uchun eng muhim omil uning ommalashuvi, deb hisoblaganman.
Wallet in Telegram bilan tanishgunimga qadar kriptovalyutani keng omma uchun haqiqatan ham qulay va ommabop mahsulotga aylantira oladigan loyihani uchratmagan edim. Men blokcheyn texnologiyasi va uning salohiyatiga ishonaman, biroq u faqat oddiy foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli bo‘lgandagina o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon qila oladi.
Wallet in Telegram kompaniyasidan ish taklifi olganimda, bu g‘oya menga darhol ma’qul tushdi. Chunki agar kriptovalyutani ommaviy mahsulotga aylantira oladigan platforma bo‘lsa, bu — Telegram. Ayniqsa O‘zbekistonda Telegram kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan: odamlar unda muloqot qiladi, yangiliklarni kuzatadi, biznes yuritadi va hatto davlat xizmatlari bilan ham o‘zaro aloqa qiladi. Bu allaqachon to‘laqonli ekotizimga aylangan.
Kompaniyaga o‘tish masalasida qiziqish ikki taraflama bo‘lgan. Menga ish taklifi bilan murojaat qilishdi, shu bilan birga men ham bu imkoniyatni jiddiy ko‘rib chiqdim. Bir necha bosqichli suhbatlardan so‘ng, bir-birimizga mos kelishimizga ishonch hosil qildik.
Wallet in Telegram’ga qo‘shilishimdan oldin kriptoindustriyada rasmiy ish tajribam bo‘lmagan. Shu sababli, rasmiy mezonlar bo‘yicha men ideal nomzod emas edim. Biroq, nazarimda, aynan Web2 yo‘nalishidagi tajribam hal qiluvchi omil bo‘ldi.
Wallet in Telegram’ning asosiy missiyasi — kriptovalyutani imkon qadar ommabop va hammabop qilish, ya’ni har bir foydalanuvchi Telegram ilovasining o‘zida kriptoaktivlardan oson foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishidir. Buning uchun mahsulot sodda va intuitiv bo‘lishi kerak. Murakkab interfeysga ega ko‘plab kriptobirjalardan farqli ravishda, Wallet in Telegram oddiy foydalanuvchi interfeysi hamda kriptoaktivlarni sotib olish va sotishni maksimal darajada qulaylashtirishga alohida e’tibor qaratadi.
O‘zbekistagi FinTech bozori qanday baholanadi?
O‘zbekistonda FinTech bozori jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda hatto mintaqadagi boshqa davlatlardan ham ilgarilab ketganmiz. Albatta, ba’zi sohalarda hali qilinadigan ishlar bor, biroq umumiy rivojlanish sur’ati juda ijobiy. Men ham O‘zbekistonga qaytganimda bu yerdagi FinTech ekotizimining qanchalik rivojlanganini ko‘rib hayratda qoldim.
Men olti yil Janubiy Koreyada yashadim, turli mamlakatlarda bo‘ldim va u yerdagi FinTech rivojlanishini kuzatdim. Shu tajribaga tayanib aytishim mumkinki, O‘zbekistondagi o‘sish sur’atlari e’tiborga loyiq.
Birinchidan, bizda Open Banking tizimi yaxshi rivojlangan. Bu foydalanuvchilarga bank kartasini istalgan ilovaga ulash imkonini beradi va ularni bitta bank ekotizimi bilan cheklab qo‘ymaydi. Bozorning qariyb 90 foizini HUMO va UZCARD kartalari tashkil etishiga qaramay, ulardan turli bank va FinTech ilovalarida bemalol foydalanish mumkin. Natijada foydalanuvchi kartani bir bankda ochib, o‘zi uchun eng qulay xizmat yoki ilovani tanlash erkinligiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, sohaning rivojlanishida regulyatorlarning qo‘llab-quvvatlashi va shaffof biznes muhiti muhim rol o‘ynaydi. Xalqaro kompaniyalar bozorga kirishdan oldin qanday qoidalar asosida ishlashini aniq tushunadi va shu asosda investitsiya hamda faoliyat boshlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Aynan shu omillar O‘zbekistonda FinTech sohasiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, uning izchil rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Qiziqarli jihati shundaki, O‘zbekiston Wallet in Telegram o‘zining ilk rasmiy xalqaro faoliyatini boshlagan dunyodagi birinchi bozor bo‘ldi.
Ha, mahsulot avvaldan ko‘plab mamlakatlarda mavjud edi. Biroq aynan O‘zbekistonda kompaniya litsenziya olib, bozorga rasmiy tarzda kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu nafaqat Wallet in Telegram, balki Telegram ekotizimi doirasidagi ilk rasmiy ishga tushirilgan loyiha hisoblanadi. Kelgusida aynan O‘zbekistondan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga kengayish boshlanishi kutilmoqda.
Xo‘sh, nega aynan O‘zbekiston? Birinchi sabab — regulyator muhitining shaffofligi. Xalqaro kompaniyalar litsenziyalash talablari, komplayens, KYC jarayonlari va mijozlar bilan ishlash qoidalari bo‘yicha nimani kutishini aniq biladi. Bu esa biznes uchun ishonchli va oldindan prognoz qilinadigan muhit yaratadi.
Ikkinchi muhim omil — aholi tarkibi. O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Aholisi qarib borayotgan ko‘plab davlatlardan farqli ravishda, O‘zbekistonda yosh va o‘sib borayotgan avlod ustunlik qiladi. Bu esa raqamli texnologiyalarni tez o‘zlashtiradigan, yangi yechimlarga ochiq auditoriya demakdir.
Bundan tashqari, mamlakat aholisi har yili 900 mingdan ortiq kishiga ko‘paymoqda. Taqqoslash uchun, ayrim Yevropa davlatlarining umumiy aholi o‘sishi ham shu ko‘rsatkichga yaqin. Shu bois O‘zbekiston bozori uzoq muddatli istiqbol nuqtai nazaridan juda katta salohiyatga ega.
Biznes uchun yana bir muhim jihat shundaki, yosh auditoriya bilan uzoq muddatli munosabatlarni shakllantirish osonroq. Bugun jalb qilingan foydalanuvchilar bir necha yil ichida daromadi barqarorlashgan, platformaga sodiq va shakllangan odatlarga ega mijozlarga aylanadi.
Telegram ichidagi moliyaviy xizmatlar foydalanuvchilar uchun qanday muammolarni hal qiladi?
Eng muhim afzallik — xizmatlardan foydalanishning maksimal darajada qulayligi. O‘zbekistonda ko‘pchilik kundalik muloqot, yangiliklarni kuzatish va ish jarayonlarini Telegram orqali amalga oshiradi. Wallet in Telegram esa embedded finance konsepsiyasini hayotga tatbiq etadi.
Bu degani, foydalanuvchi Telegramga oddiygina xabar yozish yoki yangiliklarni o‘qish uchun kirganida, bir necha bosish orqali moliyaviy xizmatlardan ham foydalanishi mumkin. Jumladan, kriptoaktivlar hamda AQSH aksiyalari va fondlari bilan ta’minlangan tokenlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Asosiy maqsad — moliyaviy xizmatlarni yanada ommabop qilish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish.
Masalan, biz AQSH fond bozoriga tokenlar orqali investitsiya qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘ydik. Har bir token ortida haqiqiy aksiya mavjud bo‘lsa-da, foydalanuvchi aksiyaning o‘zini emas, uning raqamli ekvivalentini xarid qiladi. Bungacha O‘zbekistonda bunday aktivlarga sodda va qulay tarzda investitsiya qilish imkoniyati deyarli mavjud emas edi.
Avvallari AQSHning yirik kompaniyalari aksiyalarini yoki, masalan, S&P 500 indeksiga investitsiya qilish uchun broker topish, ofisga borish yoki onlayn hisob ochish, turli hujjatlarni rasmiylashtirish talab etilardi. Ko‘pincha bunday xizmatlar faqat Visa yoki Mastercard kabi xalqaro kartalar orqali ishlardi, holbuki foydalanuvchilarning aksariyatida HUMO kabi mahalliy kartalar mavjud. Bundan tashqari, kirish chegarasi ham yuqori bo‘lib, odatda kamida 500 AQSH dollaridan boshlanardi.
Wallet in Telegram esa bu to‘siqlarni bartaraf etadi. Ro‘yxatdan o‘tish atigi bir necha daqiqa vaqt oladi va investitsiyani 1 AQSH dollaridan boshlash mumkin. Foydalanuvchi istalgan vaqtda aktivni sotib olishi, sotishi va murakkab infratuzilmaga ehtiyoj sezmasdan o‘z investitsiyalarini boshqarishi mumkin.
Yana bir muhim afzallik — xizmatlarning 24/7 rejimida ishlashidir. An’anaviy fond birjalaridan farqli ravishda, kriptoaktivlarni haftaning istalgan kuni va kunning istalgan vaqtida xarid qilish yoki sotish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda kriptoaktivlar uchun qulay soliq tartibi amal qiladi. Hatto AQSH aksiyalari bilan ta’minlangan tokenlardan olingan daromadlar ham amaldagi tartibga ko‘ra soliqqa tortilmaydi. Bu foydalanuvchilarga qonunchilik doirasida qo‘shimcha soliq yukisiz daromad olish imkonini beradi.
O‘zbekistonda FinTech kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
Men FinTech sohasining kelajagini, avvalo, embedded finance — ya’ni kundalik foydalaniladigan platformalarga integratsiyalashgan moliyaviy xizmatlarda ko‘raman. Bu bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotgan tendensiya bo‘lib, moliyaviy xizmatlar endi alohida ilovalar ko‘rinishida emas, balki odamlar har kuni foydalanadigan mahsulotlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Buni Xitoydagi WeChat yoki Qozog‘istondagi Kaspi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Ular oddiy moliyaviy xizmatlardan ancha kengroq funksiyalarni taklif qiluvchi to‘liq raqamli ekotizimlarga aylangan. Shu sababli embedded finance nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo FinTech bozorining asosiy rivojlanish yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ikkinchi muhim tendensiya, ayniqsa O‘zbekiston uchun, kriptoaktivlarning ommalashuvi bo‘ladi. Shaxsiy maqsadim — imkon qadar ko‘proq insonlarda kriptovalyuta nima ekani, unga qanday investitsiya qilish va undan qanday foydalanish bo‘yicha asosiy tushuncha shakllanishidir. Keyingi bosqich esa, odamlarning aksariyatida kamida bitta kriptoaktiv mavjud bo‘lishidir.
Bugungi kunda kripto asta-sekin tor doiradagi mahsulot maqomidan chiqib, to‘laqonli investitsiya aktivlari sinfiga aylanmoqda. Buni real aktivlarni tokenlashtirish jarayonida ham ko‘rish mumkin. Hozirning o‘zida oltin yoki investitsiya fondlariga raqamli aktivlar orqali sarmoya kiritish imkoniyati mavjud. Kelajakda esa bu imkoniyatlar yanada kengayib, aksiyalar, qimmatbaho metallar, valyutalar va boshqa moliyaviy instrumentlarning tokenlari ham ommalashadi.
Bu jarayon O‘zbekiston uchun ayniqsa dolzarb, chunki mamlakatda ushbu yo‘nalish bo‘yicha huquqiy tartibga solish izchil rivojlanmoqda. Masalan, stablkoinlardan tovar va xizmatlar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanishga imkon beruvchi huquqiy asoslar yaratilmoqda. Bu esa yaqin kelajakda kriptoaktivlar nafaqat investitsiya vositasi, balki kundalik hisob-kitoblarda ham qo‘llaniladigan to‘lov vositasiga aylanishi mumkinligini anglatadi.
Aynan shu yondashuv foydalanuvchi uchun haqiqiy qiymat yaratadi. Insonlar bunday platformalarga faqat Bitcoin sotib olish uchun emas, balki o‘zlariga tanish va ishonchli aktivlarga investitsiya qilish hamda kriptodan oddiy raqamli hamyon kabi kundalik hayotda foydalanish imkoniyati uchun murojaat qiladi.
#IT #foydali #stratap
