Venchur dunyosini aslida nima harakatga keltiradi

unnamed

“Networking”, “tanishuvlar”, “aloqalar” va shunga o‘xshash ko‘plab so‘zlar, afsuski, ko‘pincha bir-biriga sinonim sifatida qabul qilinadi. Ammo haqiqatan ham shundaymi? Venchur dunyosida networking aslida qanday o‘rin tutadi? Yoshlar Ventures bosh direktori Abdulaziz Yakubov o‘zining yangi maqolasida networking ortida aslida nima turgani — oddiy tanishuvlarmi yoki startaplar va investitsiyalar rivojiga ta’sir ko‘rsatuvchi strategik vositami — haqida so‘z yuritadi.

Abdulaziz Yakubov, Toshkent shahri, CEO Yoshlar Ventures, LinkedIn

Venchur kapitali olamida networking eng munosib loyihalarni topish, ularni moliyalashtirish va biznesni tezroq rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim vositadir.

Muvaffaqiyatli venchur investorlar shunchaki shaxsiy tanish-bilishlari eng ko’p bo‘lgan kishilar emas, balki professional aloqalarni uzoqni ko’zlab amalga oshiradiganlardir. Ular investitsiya shartnomasi muhokamaga qo‘yilishidan ancha avval o‘z vaqtini tadbirkorlarga yordam berishga, g‘oyalarni sinovdan o‘tkaza oladigan mutaxassislarni jalb qilishga hamda sohadagi boshqa investorlar bilan raqobatlashish o‘rniga ularning ishonchli hamkoriga aylanishga qaratadi.

Bu jarayon bir martalik kelishuv emas, vaqt o‘tishi bilan qadri ortib boradigan hamkorlikdir. Bugungi oddiy bir suhbat kelasi yili kerakli inson bilan tanishuvga yo‘l ochishi, startap asoschisiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan maslahatga aylanishi yoki qiyin ahvoldagi loyihani qutqarib qoladigan kuchli investorlar jamoasini shakllantirishga yo’l ochadi.

Endi tarixga bir nazar solaylik, 1973-yilda yosh sotsiolog Mark Granovetter odamlarning imkoniyatlar haqidagi tasavvurini kengaytirgan. U o‘ta oddiy savolga javob izlayotgan edi: Odamlar aslida qanday qilib ish topadi? Xulosa esa kutilmagan bo‘ldi, aksariyat odamlarga yangi ish topishda yaqin do‘stlari yoki qarindoshlari emas, aksincha, shunchaki uzoq tanishlari ko‘proq yordam berar ekan.

Biz ishonamizki, notanish insonlar bilan o’rnatilingan o’zaro aloqalar, yaqin insonlaringiz beradigan qiymatdan yuqoriroq rivojlanishingizni ta’minlaydi. Yoshlar Ventures uchun networking shunchaki tanish-bilishchilik emas, balki strategik o’ylangan rivojlanish rejasi. 

Tadqiqotga asoslangan networking

Yillar davomida venchur jamg‘armalari o‘rtasidagi raqobat faqat shaxsiy aloqalar ustiga qurilgan. Taniqli nom va keng tanish-bilishlar bazasi sizga eng yaxshi loyihalar davrasiga kirish imkonini berardi, bu esa muvaffaqiyatning deyarli yarimi tashkil etgan. Uning bugungi kundagi zamonaviy versiyasi o’z shaklini o’zgartirgan.

Hozirda investorlarning bir guruhi bozorni chuqur bilishi bilan ustunlikka erishmoqda. Ularning maqsadi  shunchaki sarmoya kiritish emas, balki startap asoschisi uchratgan eng bilimdon investorga aylanishdir. Shuning uchun ayrim yetakchi venchur firmalari hatto sobiq jurnalistlarni ishga olib, puxta tahlil asosida ish tutmoqda. Ular birinchi uchrashuvgayoq mijozlar va soha mutaxassislaridan intervyu olib, loyihani ich-ichigacha o‘rganib kelishadi. Bu yondashuv, ayniqsa, “B seriyasi” va undan keyingi sarmoya bosqichlarda juda yaxshi natija beradi. Chunki, bu paytda tahlil qilish uchun ma’lumot yetarli bo‘ladi, asoschilar esa shunchaki yuzaki suhbatlarga emas, loyihani haqiqatdan tushunadigan investorga taqdimot qilishadi.

Bu yerda juda o‘rinli bir tarixiy qiyos bor. Bizning buyuk ajdodimiz Amir Temur ham notanish hududlarga hech qachon ko‘r-ko‘rona yurish qilmagan. Uning har bir g‘alabasi orqasida avvalo puxta reja, savdogarlar va ayg‘oqchilar keltirgan xabarlar turgan. Birorta askar jang maydoniga qadam bosmasdan oldin, u yerning xaritasi va siyosiy vaziyatini tubdan o‘rganishgan. Maydondagi oson ko‘ringan g‘alaba tegida aslida mana shunday katta tayyorgarlik yotgan. Bugungi eng zukko va sinchkov investorlar ham huddi shu usulda ish tutadi. Ular birinchi uchrashuvga kelishdan oldinroq bozorni, mijozlarni va taqdimotdagi zaif nuqtalarni obdon o‘rganib olishadi. Natijada suhbat bir tomonlama taqdimotga emas, balki ikki teng huquqli hamkorning samimiy va mazmunli muloqotiga aylanadi.

Qadimgi usul, yangi davrda


Shu bilan birga, sakkiz yuz yil oldin Samarqand yoki Buxoroda turgan sotuvchiga bularning barchasi mutlaqo yangilik bo’lmasdi. «Networking» so’ziga hech kimning ehtiyoji tug’ilmasdan ancha oldin, bugungi O’zbekiston hududidagi shaharlar aynan shu narsaning tirik infratuzilmasi bo’lib xizmat qilgan. 


Buyuk Ipak yo‘li shunchaki savdo yo‘li emas, balki shahardan shaharga, karvondan karvonga o‘tuvchi ulkan ishonch tarmog‘i edi. Savdogarlar gohida umrida bir bor ko‘rgan, ehtimol, qayta uchratmaydigan odamlariga ham hech ikkilanmay molini ishonib topshirib yuboravergan. Chunki bu zanjirning biror nuqtasida kimdir boshqa bir savdogarga kafil bo‘lishga tayyor edi. Bularning barchasi puxta o‘ylangan tizim va asrlar davomida shakllangan o‘zaro ishonch evaziga ishlagan. Bugun venchur investorlar qidirib, qaytadan kashf etayotgan bu ishonch tizimini Markaziy Osiyo, aslida, allaqachon ixtiro qilib bo‘lgan va asrlar davomida uning ichida yashab kelgan.


Bu hikoyaning zamonaviy qismi aynan hozir yozilmoqda va buni raqamlar ham aniq ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekistonda ilk bosqichdagi startaplarni moliyalashtirish 2020-yildagi 300 ming dollardan 2025-yilga kelib 99,3 million dollargacha o‘sdi, bu to‘rt yilda 230 barobardan ziyod o‘sish degani. 2024-yilda mamlakatimizda birinchi «yakkashox» Uzum kompaniyasi yetishib chiqdi. Bugungi kunda yurtimizda 12 dan ortiq faol venchur fondi ish yuritmoqda, ularning umumiy kapitali 136 million dollardan oshib, oxirgi besh yilda 10 barobarga ko‘paydi. 2026-yilgi StartupBlink global reytingida esa O‘zbekiston barcha mamlakatlar orasida eng katta o’sishni ko‘rsatib, dunyoda 1-o‘rinni egalladi.

Albatta, bu natijalar shunchaki yaxshi g‘oyalarning o‘z-o‘zidan rivojlanishi orqali paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Buning ortida kimgadir tayangan va maqsadli ravishda qurilgan mustahkam ko‘prik turibdi.

Ko’prik quruvchining sirlari

Biz «Yoshlar Ventures»ni shunchaki navbatdagi investitsiya fondi emas, balki strategik g‘oya atrofida birlashgan tizim deb bilamiz. Yurtimizda kuchli va istiqbolli startap qura oladigan yoshlar juda ko‘p. Asosiy qiyinchilik esa ularni qo‘llab-quvvatlaydigan investor, mentor va institutlarni bir joyga jamlashda edi. Yoshlar Ventures ana shu bo‘shliqni to‘ldirish va yosh asoschilarga yo‘l ochish uchun tashkil etildi. Hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, bu vazifani a’lo darajada uddalab kelmoqda. Masalan, ular O‘zbekistonga ilk bor Yale va Cornell professorlarini, shuningdek, Y Combinator’ning eng yetakchi startaperlarini olib kelishdi. Yakunlanayotgan rejalarda esa MIT, Harvard va Stanford kabi nufuzli dargoh vakillarining tashrifi ham bor.

Ular qanday qilib dunyo darajasidagi bunday insonlarni O‘zbekistonga jalb qila olmoqda?

Javob esa siz o‘ylagandek oddiy — ishonch.

Xo‘sh, bu ishonch qayerdan paydo bo‘ldi? Yoshlar Ventures jamoasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birga AQShdagi ushbu universitetlarga shaxsan tashrif buyurishdi, u yerdagilar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, samimiy va mustahkam aloqa o‘rnatishdi. Bu jarayonda Amerikadagi o‘zbek diasporasi ham juda katta tirgak bo‘ldi. 

Mana shuning o‘zi ham tadqiqot va maqsadi aniq networkingning yorqin namunasidir. Demak, xulosa bitta: insoniy ishonchga asoslangan hamkorlik biz uchun yangilik emas, u qon-qonimizda bor. Asrlar davomida amal qilib kelgan ushbu ishonch mexanizmini bugungi zamonaviy qoliplarga solish orqali esa erishayotgan yutuqlarimizni bir necha barobar oshirishimiz mumkin.

Aytib o’tilganidek, bugungi kunda muloqotdagi eng samarali yo‘nalish  bu maqsadli va shaxsiy yondashuvdir. Buni o‘z tadbirlarimiz misolida ham ko‘p kuzatamiz: shunchaki elektron pochta orqali yuborilgan umumiy taklifnomalar deyarli e’tiborsiz qoladi. Lekin har bir inson bilan alohida bog‘lanib, qo‘ng‘iroq qilsak yoki shaxsan murojaat yo‘llasak, natija mutlaqo boshqacha bo‘ladi.

Biz o‘zimizni shunchaki moliyaviy ko’mak beruvchi investor deb hisoblamaymiz, garchi ba’zan vazifamiz faqat sarmoya kiritishdan iboratdek tuyulsa ham. Venchur kapitalni ko‘pincha “munosabatlarga asoslangan biznes” deyishadi. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, mutlaq va ko‘r-ko‘rona ishonchga tayanib qolish xolis qaror qabul qilish talab etiladigan har qanday soha uchun xavflidir.

Entoni U. Richardsonning “Sovuq kelishuvlar oqimi kompaniyalari muvaffaqiyati va ROI darajasi iliq kelishuvlar oqimi kompaniyalarinikiga nisbatan” nomli tadqiqotida ham juda qiziq bir xulosa bor. Tadqiqotga ko‘ra, “sovuq” va “iliq” networking orqali kelgan shaxslarning muvaffaqiyat qozonish ko‘rsatkichi deyarli bir xil: iliq tanishuvga ega bizneslar bor-yo‘g‘i 2% ga yetmas ustunlikka ega, xolos. Lekin muvaffaqiyat ko‘lami va daromadlilik borasida jarayon mutlaqo o‘zgaradi, yakuniy natija va umumiy daromad (exit) hajmi bo‘yicha aynan tanishlarsiz kelgan shaxslarning kompaniyalari ustun chiqqan.

Eng e’tiborlisi, networking yordamisiz kelgan asoschilarning firmalari qariyb 18% kamroq kapital sarflagan holda, ularning o‘rtacha ROI o‘sishi 16,2% ga yuqoriroq bo‘lgan.

Chunki ular hech qanday tavsiya yoki tanish-bilishsiz keladi. Bu asoschining ortida tayanch aloqalari yo‘qligini ko‘rsatadi, ya’ni u iliq munosabatlar ortiga yashirinib ololmaydi. Bunday sharoitda faqatgina haqiqiy loyiha, kuchli natija va sof iqtidorgina uning yagona quroliga aylanadi.

Xulosa

Networkingni shunchaki tanish orttirish deb o‘ylash oson, aslida unday emas. Buni dalillar isbotlaydi, Granovetter sotsiologiyasidan tortib Amir Temur strategiyasi, Samarqandning qadimiy karvonsaroylarigacha, buning aksini ko‘rsatadi. Networking qadriyat yaratilishi va moliyalashtirilishining bir bo’lagi emas. U bu jarayonning asosiy mexanizmlaridan biri.

Bugungi kunda bozor tahlili va murakkab hisob-kitoblarni dasturlar istalgan mutaxassisdan ko‘ra tezroq bajarmoqda. Tahlil arzonlashgani sari, bir narsa mutlaqo o‘zgarmasdan qolmoqda: bu insoniy ishonch. Asoschi o‘z kompaniyasini kimga ishonib topshirishi yoki yirik bitimni yopish haqidagi yakuniy qaror hamon jonli odamlar tomonidan, samimiy munosabatlarga tayanib qabul qilinadi.

O‘zbekiston uchun bu yangi yoki chetdan kirib kelgan tushuncha emas. Bu zamin asrlar davomida buyuk ishlar va savdo-sotiq faqat o‘zaro ishonch orqali harakatlanishini hammadan yaxshi bilgan. Bugun venchur kapitali, zamonaviy akseleratorlar yoki Yel va Kornell auditoriyalarida o‘rgatilayotgan ushbu tamoyillar aslida qadimdan ildizimizda bor bo‘lgan qadriyatlarning zamonaviy shaklda o‘z uyiga qaytishidir.