Yoshlar Ventures Kremniy vodiysidagi startap asoschilari ishtirokida mentorlik dasturini ishga tushirmoqda
Yoshlar Ventures ilk bosqichdagi startaplarni moliyalashtiruvchi davlat venchur jamg‘armasi O‘zbekistonning ilg‘or startaplarini Kremniy vodiysi tadbirkorlari bilan bog‘laydigan yangi mentorlik dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. 2026-yil 17-22-avgust kunlari AQShdan to‘rt nafar texnologik kompaniya asoschisi mahalliy startaplar bilan ishlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Dastur Kremniy vodiysi kompaniyalari asoschilari O‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan bevosita ishlaydigan dastlabki yirik loyihalardan biri bo‘ladi.
Abdulaziz Yoqubov, Yoshlar Ventures bosh direktori
Bizning asoschilarimizda har doim iste’dod va ambitsiyalar yetarli bo‘lgan. Ularga faqat jahon miqyosidagi kompaniyalarni barpo etgan insonlar bilan muloqot qilish imkoniyati yetishmasdi. Bu dastur Kremniy vodiysini Toshkentga ko‘chirishga urinish emas. Biz allaqachon kuchli natijalarni ko‘rsatayotgan tadbirkorlar bu yo‘lni ilgari bosib o‘tganlarning tajribasini o‘zlashtirishi uchun sharoit yaratmoqdamiz.
Dastur ishtirokchilari besh kun davomida taklif etilgan mentorlar bilan sarmoyalarni jalb qilish strategiyasi, mahsulotning bozorga mosligini aniqlash va bozorga chiqish ustida ish olib boradilar. Dastur vorkshoplar, individual konsultatsiyalar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.
Saralashdan robototexnika, jismoniy sun’iy intellekt, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik yechimlari, dasturchilar uchun vositalar, tartibga solinadigan sohalar uchun texnologiyalar, raqamli sog‘liqni saqlash va AI-native SaaS yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi startaplar o‘tdi. Kompaniyalar rivojlanishning turli bosqichlarida — MVPdan tortib ilk pullik mijozlargacha, shuningdek, yillik daromadi $1 million oshadigan darajagacha yetgan.
Tashrif buyurayotgan mentorlar San-Fransisko startap ekotizimiga xos dunyoqarash va boy tajribani olib kelishadi. Ular orasida Massachusets texnologiya instituti , Berkli va San-Xose davlat universiteti kabi nufuzli oliygohlarni tamomlagan, o‘z kompaniyalari uchun $1 milliondan $11 million sarmoya jalb qila olgan muvaffaqiyatli tadbirkorlar bor.
Yosin Ehson, Headstarter Inc. bosh direktori
Men Headstarter orqali yuzlab ilk bosqichdagi startaplar bilan ishladim va biznes qurishning asosiy tamoyillari hamma joyda bir-biriga naqadar o‘xshash ekanidan hayratlandim. Toshkentlik startap asoschilari tez qaror qabul qiladi, cheklangan resurslar bilan samarali ishlashni biladi va AQShdagi ko‘plab tadbirkorlarga qaraganda kamtarroq. Ularga malaka emas, balki xalqaro ekotizimga chiqish imkoniyati yetishmaydi. Aynan shuning uchun ham men bu dasturda ishtirok etishga qaror qildim.
Yangi dastur o‘zbek startaplarini xalqaro venchur ekotizimiga integratsiya qilish va ularning global investorlar, kapital va ekspertizadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Yoshlar Ventures tashabbuslari turkumini davom ettiradi.
Yoshlar Ventures haqida
Yoshlar Ventures — $10 million davlat jamg‘armasi bo‘lib, u o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan Pre-Seed va Seed bosqichidagi startaplarga, ularning biznesi rivojlanayotgan mamlakatdan qat’i nazar, sarmoya kiritadi. Jamg‘arma bitta loyihaga $400 000 sarmoya kiritadi va portfel kompaniyalariga xalqaro kapitalni jalb qilish, yangi bozorlarga chiqish va biznesni kengaytirishda yordam beradi. 2027-yilga kelib Yoshlar Ventures jamg‘arma hajmini $30 million yetkazishni va 30 ta kompaniyadan iborat portfelni shakllantirishni rejalashtirmoqda.
Batafsil ma’lumot uchun: yoshlarventures.uz
