Markaziy Osiyodagi eng yaxshi 10 ta IT-kompaniya: hamma ishlashni orzu qiladigan joylar

img 4622 1

IT-sanoati allaqachon shunchaki yuqori maoshli joy bo‘lishdan to‘xtadi. Bugun eng yaxshi mutaxassislar masalaga chuqurroq yondashmoqda: kompaniya ularning rivojlanishiga qanchalik sarmoya kiritishga tayyor, qanday vazifalarni hal qilish kerak va o‘sish uchun haqiqiy imkoniyatlar bormi? Korporativ madaniyat, texnologiyalar va jamoadagi odamlar juda katta ahamiyatga ega.

Ushbu maqolada biz ishga zamonaviy yondashuvni shakllantira olgan hamda mutaxassislar uzoq muddatga keladigan eng yetakchi tech-kompaniyalarni jamladik.

BAKAI 

BAKAI — 1998-yildan buyon Qirg‘iziston bozorida faoliyat yuritib kelayotgan universal tijorat banki. 27 yildan ortiq vaqt mobaynida bank kichik xususiy moliyaviy muassasadan sektorning eng asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi. Bugungi kunda bank xizmatlaridan 1 milliondan ortiq mijoz foydalanadi, aktivlar hajmi esa 2026-yilning boshiga kelib 116,4 milliard somga yetdi. Bank tizimli ahamiyatga ega muassasa deb topilgan va Markaziy Osiyoda ham, xalqaro miqyosda ham ESG reytingi bo‘yicha yetakchilar qatoriga kiradi.

Dasturiy ta’minotni ishlab chiqish departamenti — bankning raqamli transformatsiya markazidir. Jamoa o‘zining shaxsiy mahsulot va xizmatlarini, jumladan, 800 000 dan ortiq foydalanuvchiga ega BAKAI mobil ilovasini, BAKAI Business platformasini, ichki tizimlar va infratuzilmaviy yechimlarni rivojlantirib kelmoqda. 2024-yilda shaxsiy protsessing markazi ishga tushirildi, bu esa mahsulotlarni yaratish va joriy etish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirdi.

IT-jamoasi dasturiy ta’minot yaratishning to‘liq siklini qamrab oladi: Mobile, Frontend, Backend, tizimli va biznes tahlil, DevOps hamda ma’lumotlar bazasini boshqarish. Ish jarayonida Kubernetes, Docker, Prometheus, Grafana va ELK kabi zamonaviy texnologiya hamda vositalardan foydalaniladi.

Kompaniyada mutaxassislarning gorizontal rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanadi. Misol uchun xodimlar turdosh yo‘nalishlarga o‘tishlari, dasturlash, tahlil va arxitektura o‘rtasida o‘z ixtisosliklarini o‘zgartirishlari mumkin. Xodimlarni o‘qitish va ularning kasbiy tadbirlarda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Asosiy afzalliklar qatoriga raqobatbardosh ish haqi va yuz minglab real foydalanuvchilarga ega mahsulotlar ustida ishlash imkoniyati kiradi. Korporativ madaniyatning negizini esa mas’uliyat, ishonch va rivojlanishga intilish tashkil etadi.

BAKAI o‘z jamoasini faol ravishda kengaytirishda davom etmoqda va asosiy e’tiborni Python, C# .NET, shuningdek, tizimli va biznes tahlil yo‘nalishlariga qaratmoqda. Amaldagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari @hrbakaibank Telegram-kanalida e’lon qilib boriladi.

Prosper Pay

Prosper Pay — bu xodimlar, kontragentlar va ijrochilar bilan ishlashga mo‘ljallangan mobil ekotizimni rivojlantirayotgan, jadal o‘sib borayotgan FinTech kompaniyasi. Servis yagona mobil ilovada eng muhim biznes-jarayonlarni: to‘lovlar, elektron hujjat aylanishi, integratsiyalar va ichki kommunikatsiyalarni birlashtiradi. 2023-yildan buyon kompaniya shtati 70 barobarga ko‘paydi va bu unga bozordagi eng tez rivojlanayotgan ishtirokchilardan biri maqomini ta’minladi.

Prosper Pay mahsulotlarini ishlab chiqish yo‘nalishi biznes uchun qulay vosita va xodimlar uchun uzluksiz moliyaviy tajriba yaratishga qaratilgan. IT-jamoasi FinTech platformasini yaratishning to‘liq siklini qamrab oladi: Mobile, Backend & Integrations, Data Science & Analytics, Infrastructure & DevOps hamda Web Development.

Xodimlar uchun asosiy qulayliklar — bu ishlab topilgan mablag‘lardan mobil ilova orqali istalgan vaqtda foydalanish imkoniyati beruvchi moliyaviy moslashuvchanlik, shuningdek, doimiy o‘qish-o‘rganish va ochiq korporativ madaniyatdir.

Korporativ madaniyatning negizida mehnat bozorida o‘yin qoidalarini o‘zgartiradigan, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot yaratishga intilish yotadi. Ishga qabul qilishda kompaniya o‘zining asosiy qadriyatlarini baham ko‘radigan insonlarga tayanadi: tashabbuskorlik va shijoat, startapcha fikrlash hamda rivojlanishga intilish.

Ayni paytda yangi xodimlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy e’tibor ikkita yo‘nalishga qaratilgan: dasturlash va tijorat bloki.

inDrive

inDrive — xalqaro transport va kuryerlik xizmati bo‘lib, so‘nggi yillarda millionlab qozog‘istonliklar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi va mamlakatning eng asosiy superilovalaridan biriga aylandi.

Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning negizida One Team yondashuvi yotadi. Bu — o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, ochiq muloqot, halol hamda hurmatga asoslangan qayta aloqa va natijalarga birgalikda erishish demakdir. inDrive’ning har bir xodimi Own It tamoyili asosida ish olib boradi.

Ishning birinchi kunidanoq tibbiy sug‘urta amal qiladi va ish haqini saqlab qolgan holda yilda 14 kungacha bo‘lgan kasallik ta’tillari to‘lab beriladi. Shuningdek, xodimlar uchun psixologik, moliyaviy va huquqiy maslahatlar, kouching, sport dasturlari va korporativ chegirmalar mavjud. Bundan tashqari, ofislarga uy hayvonlari bilan kelishga ruxsat berilgan va xalqaro timbildinglarda ishtirok etish imkoniyati bor.

Kompaniya xodimlarning rivojlanishiga faol sarmoya kiritadi. Ularga muntazam malaka oshirish tizimini hamda yilda bir necha oy davomida dunyoning turli mamlakatlaridan turib masofadan ishlash imkoniyatini taklif etadi.

Yandex Qazaqstan

Yandex — mintaqadagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biri bo‘lib, Qozog‘istonda bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda faoliyat yuritadi: qidiruv tizimi, xaritalar, taksi, taom yetkazib berish, bulutli xizmatlar va boshqalar.

Kompaniya hh.kz reytingiga ko‘ra eng yaxshi IT-ish beruvchi deb topilgan. Ofislarda qulay ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan: shinam ish zonalari, dam olish joylari, sokin tanaffuslar uchun kofe-poyntlar, sport zali va massaj xonasi mavjud. Xodimlarning o‘sishi uchun 100 dan ortiq kurslar, mentorlik tizimi va rahbarlar uchun maxsus dasturlarni o‘z ichiga olgan ichki platforma ishlab turibdi. Kompaniya sohaga oid konferensiyalarda ishtirok etish xarajatlarini qoplaydi, ommaviy chiqishlarga tayyorlanishda yordam beradi va agar ish faoliyati uchun zarur bo‘lsa, chet tili kurslari qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan qismini to‘lab beradi.

Ipoteka Bank OTP Group

Ipoteka-bank OTP Group — O‘zbekistonning eng yirik xususiy banklaridan biri bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropaning yetakchi bank guruhlaridan biri bo‘lgan OTP Group tarkibiga kiradi. Bank raqamli transformatsiyaga faol sarmoya kiritmoqda: Tier III darajasidagi ma’lumotlar markazi, shaxsiy protsessing va yangi avlod kontakt-markazi ishga tushirildi. Kompaniyaning missiyasi — OTP xalqaro standartlarini mahalliy ambitsiyalar bilan birlashtirgan holda, mamlakatning asosiy bankiga aylanishdir.

Bankning IT-jamoasi moliyaviy mahsulotlarni yaratishning to‘liq siklini qamrab oladi: mobil ilova va backend tizimlaridan tortib, kiberxavfsizlik hamda infratuzilmagacha. Muhandislar boshqa O‘zbekiston kompaniyalarida topish qiyin bo‘lgan keng miqyosdagi loyihalar ustida ishlaydilar — bularga millionlab mijozlar bazasi, mamlakatning yetakchi korxonalari bilan integratsiyalar va murakkab texnik vazifalarning uzluksiz oqimi kiradi.

Kolesa Group

Kolesa Group — Qozog‘iston va O‘zbekistonda 1-raqamli IT-mahsulotlarni yaratib kelayotgan yetakchi kompaniya. Ularning Kolesa.kz, Krisha.kz va Avtoelon.uz kabi mahsulotlari 13 milliondan ortiq insonga avtomobillar, ko‘chmas mulk, turli tovar va xizmatlarni sotib olish hamda sotishda ko‘maklashmoqda.

Kompaniya 2016-yildan buyon Qozog‘iston IT-bozorini faol rivojlantirib keladi. Turli auditoriyalar uchun IT-konferensiyalar va mitaplar tashkil etadi, eng ommabop IT-kasblar bo‘yicha Kolesa Upgrade bepul videoleksiyalarini chiqaradi hamda keyinchalik ishga joylashish imkoniyatini beruvchi Kolesa Academy pullik IT-stajirovkalarini o‘tkazadi.

Kompaniya ichida xodimlarni baholash tizimi, individual rivojlanish rejalari va mentorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Paynet

Paynet — O‘zbekistonning 2005-yildan buyon bozorda faoliyat yuritib kelayotgan yetakchi to‘lov tizimi. Bugungi kunda platformaga 32 ta tijorat banki ulangan, butun mamlakat bo‘ylab 23 000 dan ortiq agentlik punktlari ishlab turibdi, kunlik auditoriya esa 1,3 milliondan ortiq foydalanuvchini tashkil etadi. Tizim kommunal xizmatlardan tortib xalqaro servislargacha bo‘lgan 900 dan ziyod xizmat turlari uchun to‘lovlarni amalga oshiradi.

IT-jamoasi to‘lov shlyuzi, mobil ilova va integratsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun mas’ul. Bu yerdagi vazifalar miqyosi juda yuqori: tizimdagi katta yuklama, ko‘plab bank integratsiyalari va provayderlarning doimiy ravishda kengayib borayotgan katalogi muhandislardan yuksak professionallikni talab qiladi.

Freedom Holding Corp.

Freedom Holding Corp — dunyoning 21 ta mamlakatida, jumladan, Qozog‘istonda ham faoliyat yurituvchi xalqaro diversifikatsiyalangan xoldingdir.

Xodimlarga ishlash va dam olish uchun barcha qulayliklarga ega shinam va zamonaviy ofis taklif etiladi. Ijtimoiy paket fitnes-klublarga chegirmalar, alohida mahsulotlar hamda Freedom ekotizimidagi servislardan foydalanish uchun eksklyuziv takliflarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bayramlar va tug‘ilgan kunlarda sovg‘alar ulashish, unutilmas muhim voqealar munosabati bilan moddiy yordam ko‘rsatish hamda kasbiy ta’lim xarajatlarini homiylik asosida qoplab berish yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, kompaniya ichida korporativ hamjamiyat faol rivojlantirilib kelmoqda: xodimlar sport, ta’lim va timbilding tadbirlarida ishtirok etadilar, xolding loyihalari o‘rtasida karyera pillapoyalaridan ko‘tarilish hamda gorizontal rivojlanish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. Kompaniyada tashabbuskorlik va kasbiy o‘sishga bo‘lgan intilish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

Alif

Alif — Tojikistonda asos solingan FinTech kompaniyasi bo‘lib, 12 yil ichida bor-yo‘g‘i uchta xodimga ega mikrokredit tashkilotidan Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli ishtirokchilardan biriga aylandi. Bugungi kunda Alif Tojikiston, O‘zbekiston va Pokistonda faoliyat yuritib, 4,4 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatmoqda.

IT-muhandislar uchun bu yerda loyihalarni to‘liq siklda amalga oshirish imkoniyati mavjud: mobil dasturlash, bulutli infratuzilma, bank protsessingi va marketpleys yo‘nalishlarida murakkab vazifalar ustida ishlanadi. 2017-yildan buyon kompaniya qoshida Alif Academy ichki IT-maktabi faoliyat yuritib kelmoqda. U hamyonbop professional kurslarni taklif etadi va odamlarga ushbu sohaga kirib kelishda ko‘maklashadi.

Glassdoor ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlarning 89 foizi kompaniyada ishlashni do‘stlariga tavsiya qiladi. Kompaniyadagi karyera imkoniyatlari 5 balldan 4,7 ballga, korporativ madaniyat va qadriyatlar esa 4,4 ballga baholangan.

Sergek Group

Sergek Group — xavfsizlik, transport va ekologiya yo‘nalishlarida Smart City texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha Qozog‘iston bozorining mutloq yetakchisidir.

2017-yildan buyon kompaniya jinoyatchilikni kamaytirish va shahar muhiti samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib kelmoqda. Bugungi kunda Sergek 13 ta shaharda, jumladan, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.

Kompaniyada 1000 ga yaqin xodim, jumladan dasturchilar, AI-mutaxassislar, muhandislar, ma’lumotlar tahlilchilari, mahsulot menejerlari va boshqa ekspertlar mehnat qiladi. Sergek Group — Qozog‘istondagi to‘liq ishlab chiqish sikliga ega barmoq bilan sanarli IT-kompaniyalardan biri bo‘lib, uning jamoasi ham hardware, ham software yechimlarini yaratadi. 260 dan ortiq qozog‘istonlik IT-mutaxassis va muhandislar kompaniyaning shaxsiy R&D laboratoriyasida mahsulotlar yaratish bilan band.

Kompaniya moslashuvchan ish formatlarini taklif etadi — ofis, gibrid va masofadan turib ishlash. Shuningdek, xodimlar uchun Day Off tizimi hamda unutilmas muhim voqealar va mehnat ta’tili munosabati bilan moddiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Xodimlarning doimiy o‘sishi uchun texnik va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi dasturlarga ega Korporativ universitet faoliyat ko‘rsatmoqda. Kompaniyaning korporativ madaniyati professional sifatlarga bo‘lgan hurmat va o‘qib-o‘rganishga bo‘lgan kuchli intilish negiziga qurilgan.