O‘zbekiston IT-sanoati 2024-yilda qanday rivojlandi: asosiy voqealar

O‘zbekiston IT-sohasi xalqaro maydonda o‘zini ishonchli namoyon etib, jadal rivojlanishda davom etmoqda. Raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni rivojlantirish, IT-xizmatlarni eksport qilish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keling, 2024-yilda sohaning rivojlanishini belgilab bergan asosiy yutuqlar va trendlarni ko‘rib chiqamiz.

Asosiy yutuqlar va trendlar

2024-yil O‘zbekiston IT-sanoati uchun tub burilish yili bo‘ldi. UZUM Group kompaniyasi O‘zbekiston tarixidagi birinchi texnologik «yakkashox» sifatida tarixga kirdi va bozor qiymatini $1 milliard oshirdi. UZUM Group elektron tijorat va fintech yo‘nalishlarini faol rivojlantirmoqda, shuningdek, mamlakat tashqarisida o‘z ishtirokini kengaytirib, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

IT Park Uzbekistan raqamli sohada ishlayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Digital Startups Program dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. Mazkur tashabbus intiluvchan tadbirkorlarga treninglar, mentorlik yordami va netvorking yaratish orqali o‘z loyihalarini ishlab chiqishda yordam berish uchun mo‘ljallangan. Dastur ishtirokchilari nafaqat biznes modellarini takomillashtirish, balki kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va investitsiyalarni jalb qilishga tayyorlanishlari mumkin.

IT Park Uzbekistan Saudiya Arabistonida o‘z vakolatxonasini ochdi. Bayram tadbiri texnologik tashabbuslari bilan tanilgan The Garage innovatsion markazida bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlar bilan birgalikda $10 million venchur fondini ishga tushirdi. Natijada Seed va Series A bosqichlarida 30 dan ortiq startaplar moliyalashtirildi va bu innovatsion ekotizim rivojlanishiga kuchli turtki berdi.

«Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida davlat boshqaruviga raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Asosiy tashabbuslarga quyidagilar kiradi:

— fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun Mobile ID

— raqamli pasportlar

— davlat xizmatlarini 100 foiz elektron formatga o‘tkazish.

Bundan tashqari, raqamlashtirish sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va moliya kabi sohalarni qamrab olib, operatsion samaradorlik va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yilning muhim voqeasi 25 ta mamlakatdan 2000 dan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan Digital Uzbekistan International PLUS-Forum tadbiri boʻldi.

Mamlakat yangiliklari va IT-kompaniyalari

Hududlarda 10 ta yangi IT-maktablari ochilib, ularda 15 mingdan ortiq o‘quvchi zamonaviy bilimlarga ega bo‘ldi, bu esa IT-sohasining kadrlar salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qildi.

Bugungi kunda IT Park Uzbekistan 1600 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirib, IT-xizmatlari eksportini $344 million yetkazdi. Bunda AQSh asosiy bozor hisoblanadi.

FinTech yetakchilari PayMe va Click mamlakatning raqamli transformatsiyasida muhim rol o‘ynamoqda. Click foydalanuvchilarga bir ilovada bir nechta xizmatlarni taklif qiluvchi SuperAppga aylandi.

Bundan tashqari, katta investitsiyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan TBC kabi kompaniyalar va bozorga faol kirib kelayotgan yangi ishtirokchilarni o‘z protsessing markazini ishga tushirayotganini ham ta’kidlash joiz. IT Park Uzbekistan maʼlumotlari tahlili sohaning yuqori salohiyatini tasdiqlaydi. Xususan, yangi startaplar va kompaniyalar soni oʻsishda davom etmoqda, bu Oʻzbekistonning IT-sohasida mintaqaviy yetakchi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

Yilning muvaffaqiyatli IT-startaplari

2024-yil o‘zbek startaplari uchun muhim yil bo‘lib, mamlakatning jahon texnologiya maydonidagi mavqeini mustahkamladi. Innovatsion O‘zbekiston qiyofasini belgilovchi asosiy loyihalar qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:

BILLZ — biznes jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish uchun $500 000 miqdorida investitsiyalar jalb etdi.

Uzum — O‘zbekiston tarixidagi birinchi «yakkashox»ga aylandi, kompaniya, shuningdek, $300 million miqdorida investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirmoqda. 

PoinAi — Product Hunt’da  birinchi o‘rinni egalladi

Tahrirchi — qoraqalpoq tilidan tarjima qilishni yoʻlga qoʻyishdi.

Ushbu loyihalar texnologiya rivojlanishining yuqori darajasini namoyish etmoqda va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi istiqbolli texnologik markaz maqomini mustahkamlamoqda.

Silikon vodiysida o‘tkazilgan TechCrunch Disrupt 2024 ko‘rgazmasida sakkizta o‘zbek startapining ishtiroki alohida yutuq bo‘ldi. Markaziy Osiyo innovatsion markazlari brendi ostida quyidagi kompaniyalar namoyish etildi: Uzum, Uzinfocom, Datagaze, Geomotive, Smartup, Point AI, BILLZ va Call 24.

O‘zbekiston startaplarining bunday muhim tadbirlarda faol ishtirok etishi ularning global innovatsion ekotizimlarga integratsiyalashuvini mustahkamlaydi va O‘zbekistonning jahon texnologiya bozorida raqobatbardoshligi ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Mamlakatda o‘tkazilgan yirik IT-tadbirlar

2024-yilda O‘zbekistonda butun dunyo mutaxassislari, tadbirkorlar va ekspertlarning e’tiborini tortgan qator yirik IT-tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Iqtisodiyotni raqamlashtirish va davlat xizmatlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun 2000 nafar ishtirokchini birlashtirgan Digital Uzbekistan International PLUS-Forum, 200 dan ortiq ishtirokchi turizm, logistika va blokcheyn sohasida innovatsiyalarni ishlab chiqqan Digital Silk Road hakatoni, IT Park Uzbekistan Demo Day, 90 ta davlatdan, jumladan, Oʻzbekistondan 20 000 dasturchilarni birlashtirgan Yandex Cup 2024 va global tendentsiyalarni namoyish etish, bitimlar tuzish va startap ekotizimini mustahkamlash platformasiga aylangan ICT Week Uzbekistan. Jimi Uels va Zak Kes kabi taniqli shaxslarning AI Evolution’da ishtirok etishi texnologiya kelajagini belgilab berdi, hakatonlar va IT Park Uzbekistan venchur fondining ishga tushirilishi esa startaplarning o‘sishiga turtki bo‘ldi. Bu tadbirlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi texnologik hab sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

Hamjamiyatlar va dasturlar sarhisobi

O‘zbekistonda 2024-yilda IT-sohasining rivojlanishi mamlakat texnologik ekotizimini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan bir qator muvaffaqiyatlar bilan tarixga kirdi.

Professional IT-hamjamiyatlarini yaratish va rivojlantirish mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish va muhim tadbirlarni tashkil etish uchun platformalar yaratishda muhim qadam bo‘ldi. Ulardan ba’zilari xalqaro e’tiborni tortdi. Xususan:

— Women in Tech Uzbekistan —bu yil ochilish, tadbirlar va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

— GameDev Community Uzbekistan — IT Park Uzbekistan bilan birgalikda GameDevHQ Akademiyasi ishga tushirilganini e’lon qildi

— DevOps Uzbekistan — hamjamiyat ko‘plab uchrashuvlar va vorkshoplar uyushtirdi va mamlakatda DevOps madaniyatini rivojlantirishga faol hissa qo‘shdi.

Bu hamjamiyatlar nafaqat mutaxassislarning kasbiy o‘sishiga, balki O‘zbekistonning xalqaro texnologik maydondagi mavqeini mustahkamlashga ham hissa qo‘shmoqda. 

2024-yilda akselerator muvaffaqiyatli ishga tushirildi:

— GameDev Goeth — NVIDIA tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va startap

inkubator dasturining beshinchi siklini muvaffaqiyatli yakunladi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston IT-ekotizimini faol rivojlantirish, innovatsiyalar va startaplar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda davom etayotganidan dalolat beradi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning mintaqadagi texnologik markaz sifatida nufuzini mustahkamlashga yordam beradi.

Odamlar

O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida jadal o‘sish kuzatilmoqda va uning ortida iqtidorli va g‘ayratli insonlar turibdi. Keling, mamlakat IT-sanoati rivojiga katta hissa qo‘shgan yetti nafar asosiy kishilar bilan tanishamiz.

Nuriddin Lafizov

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda FinTech sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Uning rahbarligida Alif o‘z mahsulotlariga GulChatAI AI chatboti, tavsiyalar algoritmlari va bozor boshqaruvi uchun sun’iy intellekt yechimlari kabi sun’iy intellekt texnologiyalarini muvaffaqiyatli joriy qildi.

Anna Ambrozevich

Women in Tech Uzbekistan direktori ayollarni texnologiya sohasida qo‘llab-quvvatlash orqali IT-sohasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. U tomonidan Toshkentda ayollarning IT-sohasidagi yutuqlarini nishonlash va yangi yetakchilarni ilhomlantirga xizmat qilgan Women in Tech CCA Awards 2024 marosimini tashkil qilindi.

Shavkat Karimov

U 26-oktabr kuni boshlangan IT Community Roadshow loyihasi tashabbusi bilan butun mamlakat bo‘ylab IT-ni ommalashtirish va bilim almashishni maqsad qilgan.

Sherzod Shermatov

ICT Week Uzbekistan 2024 haftaligi doirasida vazir Uztelekom tomonidan 4942,24 Gbit/s gacha internet tezligiga ega 5,5G texnologiyasi ishga tushirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u Toshkentda 14 davlatdan kelgan talabalar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan Huawei Seeds for the Future dasturini ochib berdi.

Farhod Ibragimov 

Raqamli texnologiyalar vaziri bilan birgalikda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida IT Park Uzbekistan Ventures venchur fondi va IT Park vakolatxonasini ochdi, bu esa axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. ICT Week Uzbekistan 2024 haftaligi doirasida Farhod Ibragimov Astana Hub bosh direktori Magjan Madiyev bilan Markaziy Osiyo startap ekotizimini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi.

Asror Arabjanov

Aset Abdualiyev bilan birgalikda Silikon vodiysida Central Eurasia at Silicon Valley IT-konferensiyasini tashkil qildi.